Джош Макдауэлл, Эд Стюарт. Ўз жонига қасд қилиш ҳақидаги фикрлар - (1 қисм) Китоб Ўзбек тилида
«Психологик биринчи тез ёрдам» туркумидан
O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart) O‘zbek tilida Audiokitob
MUNDARIJA
Minnatdorchilik
Shonning hikoyasi 1-qism
O'ylab ko'rish uchun vaqt
Shonning hikoyasi 2-qism
O'ylab ko'rish uchun vaqt
Shonning hikoyasi 3-qism
O'ylab ko'rish uchun vaqt
Mualliflar haqida
SHONNING HIKOYASI. 1-QISM
Yoshlar guruhi yozgi jamoat oromgohi uchun mashinalarni yuvish orqali to‘rt yuz o‘ttiz dollar ishlab topdilar, lekin haqiqatan ham esda qoladigan voqea bu suv jangi bo‘ldi. Ish paytidagi tanaffus vaqtida, baquvvat Shon Uilyams boshchiligidagi bir guruh o‘rta maktab o‘quvchilari ikkita shlangni egallab olishdi va yosh o‘rtoqlariga qaratib o‘q uzishdi (aniqrog‘i, suvni), ular ham ko‘p o‘ylamay sovunli suv, gubkalar va chelaklar yordamida jasorat bilan jang qilishdi.
Yoshlar guruhining o‘ttiz yoshli ustozlari Dag va Jenni Shou ikki urushayotgan tomon o‘rtasida, betaraf hududda qolib ketishdi. Biroq, ular o‘zlarini yo‘qotib qoyishmadi va suv quyilishi bilan mashinasining yukxonasidan kuchli suv to‘pponchalarni chiqarib, hammaga o‘q uza boshladilar. Yigirma daqiqalik jang natijasida uning barcha ishtirokchilarida quruq joy qolmadi va har birining kulgidan qorinlari og‘ridi. Jazirama quyosh ostida ikki soatlik ishdan so‘ng, bu yaxshi dam olish vaqti edi.
Hammasi tugagach, yoshlar uyga keta boshlashdi, Shon ataylab do‘stlaridan uni uyigacha tashlab o‘tishlarini so‘rashni "unutdi" va jamoatdagi xizmat xonasida yuvish vositalari va asboblarini olib qo‘yayotgan Dag va Jenni oldiga bordi.
- Agar sizga malol kelmasa, meni uygacha tashlab o‘ta olasizmi? - deb so‘radi u.
- Albatta, muammo emas, - deb javob berdi Dag.
Shon buni kutayotgan edi. U o‘ziga o‘zi jilmayib qo‘ydi. Dag va Jenni uning hayotida alohida rol o‘ynashgan edi. Har doim kerak bo‘lganda uni qo‘llab-quvvatlashar edi. Va bugun ham Shon ular unga yordam berishlarini bilardi.
Dag tushlik qilish uchun yo‘lda kafeda to‘xtashni taklif qildi. Jenni va Shon darhol rozi bo‘lishdi: ularda tushlik haqida o‘ylashga vaqt yo‘q edi, chunki ular mashina yuvish (shuningdek, suv jangida qatnashish) bilan band edilar.
- Men siz bilan bir narsa haqida gaplashishim kerak, - dedi Shon ular ovqatga buyurtma berishganidan keyin.
- Men ham seni bir narsa xavotirga solayotganiga ahamiyat berdim, - dedi Jenni. - Bugun odatdagidan jim eding - men suv otishmasi haqida gapirmayapman, albatta!
Shon ko‘rinar-ko‘rinmas jilmayib, uni bezovta qilayotgan narsa haqida gapira boshladi.
- Bu juda jiddiy va men nima qilishni bilmayman. Balki sizlar menga biror maslahat berarsiz.
- Shon, biz seni eshitishdan va iloji bo‘lsa senga yordam berishdan xursand bo‘lamiz, - dedi Dag, dalda beruvchi tabassum bilan.
Ofitsiant qiz ichimliklar olib keldi. O‘z fikrlarini yig‘ishga urinib, Shon bir stakan kola ichidagi somonchani qimirlatib turdi.
- Do‘stim Kev meni tashvishga solmoqda, - dedi u nihoyat.
- Kev... Kevin Kolvinni nazarda tutyapsanmi? – deb so‘radi Jenni. - Ba’zida sen bilan birga jamoatga keladigan bolami?
- Ha o‘sha. Biz uni Kev deb chaqiramiz. Uning ota-onasi hali imonga kelishmagan, lekin... u Masihga ishonishini aytadi, Uni Najotkor deb biladi. So‘nggi paytlarda u o‘zini biroz g‘alati tutmoqda.
- Uning qandaydir muammosi bordir? – deb so‘radi Dag.
Shon chuqur xo‘rsindi:
- Bilmayman. Ammo so‘nggi paytlarda u juda yolg‘izlanib qoldi. Va meni bezovta qiladigan yana bir narsa bor.
- Aynan nima?
Shonga og‘riqli xotiralar haqida gapirish oson emas edi. Biroq, buni do‘sti uchun qilishi kerak edi.
- Menimcha, u o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylayotganga o‘xshaydi.
Jenni uning qo‘liga ohista tegdi.
- Shon, bu haqda gapirish senga qiyin bo‘lsa kerak. Boshingdan o‘tkazganlaringdan keyin, yana shu muammoga duch kelayotganingdan afsusdaman.
Shonning tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘ldi. U ikki yil oldin boshidan o‘tkazgan ruhiy tushkunlik hujumini juda yaxshi eslaydi, o‘sha holatda esa, Shon bir hovuch uyqu dorisini ichib olgan edi. U butun hayoti davomida Dag va Jenniga hayotining eng qiyin davrida ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi va sevgisi uchun minnatdor bo‘ladi.
- Rahmat. Men yaxshiman, - dedi u yo‘talib olgach. - Ammo men Kev uchun qo‘rqyapman. Uning ota-onasi doimo bir-biri bilan janjallashadi, ularda Kev uchun vaqt yo‘q. Katta akalari ketishdi, u uyda yolg‘iz. Uning do‘sti Tim bahorda avtohalokatda vafot etganidan so‘ng, u yakkalanishni boshladi. Bu meni juda xavotirga solmoqda.
- Kevning xatti-harakatlarida yana nimalar seni, u o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylayapti degan fikrga olib keldi? – deb so‘radi Dag.
- Bir narsa bor va bu menga juda tanish. Kev doimo charchaganga o‘xshaydi, uning hech narsaga kuchi yo‘q. Shanba kuni tushda unga qo‘ng‘iroq qilsam, u hali ham yotoqda ekan. Uning oldiga borishga muvaffaq bo‘lsam ham, u har doim bir burchakka joylashib, uxlashni xohlaydi.
- Charchoq - biz senda sezgan alomatlardan biri va biz bundan juda xavotirda edik.
Shon bosh irg‘adi.
- Buni sezganingizdan xursandman, - yumshoqlik bilan dedi u. - Kev har doim qora rangli kiyimlarga kiyinadi va go‘yo o‘lim tomondan sehrlangandek gapiradi. Yana uning kayfiyati tez-tez o‘zgaradi – u goh g‘azablanadi, goh jim bo‘ladi.
- Kevning xatti-harakatlariga e’tibor berganing yaxshi, - dedi Jenni. - U yordamga muhtojga o‘xshaydi.
Ofitsiant qiz gamburger va qovurilgan kartoshka olib keldi. Dag ovqatdan oldin ibodat qilib, ibodatida Kevinni ham eslatib o‘tdi.
Ular ovqatlana boshlaganlarida, Shon davom etdi:
- Ammo meni eng xavotirga solayotgan narsa shuki, Kev o‘z narsalarini tarqatishni boshladi, hatto velosipedidan ham voz kechdi. Uni hech narsa qiziqtirmayotganga o‘xshaydi. Aftidan, u bu yerda uzoq qolishni istamayapti.
Dag va Jennining yuzida xavotir ko‘rinardi.
Shon ular bilan o‘z tashvishlarini baham ko‘rganidan keyin o‘zini yaxshi his qildi.
- Shon, mabodo Kev o‘z joniga qasd qilishga uringan holati haqida bilasanmi? – deb so‘radi Dag.
- Men bunday deb o‘ylamayman.
- U senga buni qilmoqchi ekanligini aytdimi? - deb davom etdi Dag.
Shon bosh chayqadi.
- Biz birga unchalik ko‘p vaqt o‘tkazmaymiz. Lekin u menga hech narsa demadi.
- U o‘z joniga qasd qilish haqidagi xatga o‘xshash biror narsa yozganmi, ko‘rmadingmi?
- Yo‘q, shunga o‘xshash narsa yo‘q edi.
Jenni so‘radi:
- Agar u, sen yonida bo‘lganingda, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lsa, nima qilish kerakligini bilasanmi?
Shon bir muddat o‘ylanib qoldi.
- O‘z vaqtida siz va mening onam qilgan ishni qilgan bo‘lar edim,- dedi u. - Men tez yordam chaqirib, u kelguncha uni bir daqiqa ham qoldirmagan bo‘lar edim.
Uning ongidan dahshatli xotiralarning parchalari o‘tdi. Shunday qilib, u uyqu dorilarni yutib yubordi va keyingi daqiqada - yoki unga shunday tuyuldi - kasalxonaning tez yordam bo‘limida yotgan edi. O‘sha yerda, uning yonida onasi, Jenni va Dag ibodat qilib, yig‘lashardi. Shonning onasi bo‘sh dori qutilarni topib, uxlab yotgan o‘g‘lini uyg‘ota olmaganida sarosimaga tushib er-xotin Shoularga qo‘ng‘iroq qildi. Ular zudlik bilan kasalxonaga yetib kelishdi va Shonning ahvoli yaxshilanguncha u yerda qolishdi.
- Demak, agar Kev o‘z joniga qasd qilish bilan tahdid qilsa yoki o‘z joniga qasd qilish haqidagi xatini topsang, - deb davom etdi Jenni, - nima qilish kerakligini bilasanmi?
- Darhol yordam so‘rardim va psixoterapevt Kev bilan shug‘ullanmaguncha u bilan qolishim kerak.
- To‘g‘ri, - dedi Jenni. – Sen buni bilishingga amin edim, lekin buni sendan eshitmoqchi edim. Sen shunday jiddiy qadamlar tashlashga tayyormisan?
- Bunga shubha yo‘q, - deb javob berdi Shon ikkilanmasdan. - Kev mening do‘stim va men uning o‘lishini xohlamayman. Men unga yordam berish uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Axir, bir paytlar kimdir menga ham yordam bergan.
Jenni yana Shonning qo‘liga tegindi.
- Dag va men seni kasalxonaga olib borishga ulgurganimiz uchun Xudoga juda minnatdormiz! Biz seni juda yaxshi ko‘ramiz.
Shon jilmayib, do‘stlariga bosh irg‘adi.
- Rahmat. Ishonchim komilki, agar Kev o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lsa, men hamma narsani qila olaman. Lekin men so‘nggi daqiqalargacha kutmoqchi emasman, hozir unga yordam bermoqchiman. Men nima qilishim mumkin, qanday yordam berishim mumkin?
- Bu savolni berganing yaxshi, Shon, - deb boshladi Dag. - Ikki yil oldin sen bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng, Jenni va men o‘z joniga qasd qilish belgilari haqida deyarli hech narsa bilmasligimizni angladik. Biz juda sodda edik. Mamlakatda har kuni kamida ming nafar o‘smir o‘z joniga qasd qilishga urinayotgani va ulardan o‘n sakkiz nafari halok bo‘layotganini eshitganmiz. Ammo biz imonlilar ham bu muammoga duch kelishi mumkinligini tasavvur ham qilmaganmiz.
Jenni davom etdi:
- Endi Dag va men bolalar imonlimi yoki yo‘qmi, bari bir bolalar ekanligini tushunamiz. Ularning ko‘pchiligi stress, qondirilmagan ehtiyojlar va yolg‘izlikdan aziyat chekmoqda. Ba’zi bolalar disfunksiyali oilalarda yashaydilar, ba’zilari klinik depressiyadan aziyat chekishadi. Kimdir o‘zini nochor ahvolga tushib qolganini his qiladi va muammosiga oson yechim izlaydi. Ko‘pgina bolalarga e’tibor juda kamlik qiladi va ular e’tiborni o‘zlariga qaratish uchun hamma narsa qilishga ko‘p urinishadi, hatto o‘z joniga qasd qilish ham shu harakatlardan biridir. Dag va men tashvishlantiruvchi belgilarga e’tibor berishni o‘rgandik, shunda biz nafaqat natijada kelib chiqadigan muammoni hal qilish imkoniga ega bo‘lamiz, balki sababni davolashimiz mumkin.
- Men Kev uchun aynan shunday qilishni xohlardim, - dedi Shon. - Menga yordam berasizlarmi?
- Albatta, - deb ishontirdi Dag. - Hozir biz sen bilan so‘nggi ikki yil davomida o‘rgangan muhim ma’lumotlarimiz bilan bo‘lishamiz.
Uchalasi ham ovqatlanib bo‘lgach, Shon foydali maslahatlar oldi va Kevinning g‘alati xatti-harakatiga qanday munosabatda bo‘lishni o‘rgandi.
Suhbatni tugatib, Dag uni ishontirdi:
- Biz sening tashvish tortayotganingni va Kevinga yordam berishga tayyorligingni qadrlaymiz. Shuningdek, yordam berishga tayyor ekanimizni bilishingni istaymiz. Iltimos, bizni xabardor qilib turgin va senga yordam kerak bo‘lganda bizga qo‘ng‘iroq qilishga uyalmagin. Biz sen va Kev uchun ibodat qilamiz.
Kechqurun Shon Dag va Jenni aytganlarini o‘ylab, uzoq vaqt uxlay olmadi. Bu haqiqatan ham muhim ma’lumot edi va Shon Xudodan unga bu bilimlarni amalda qo‘llashda yordam berishini so‘radi. U Kevga g‘amxo‘rlik va sevgisini ko‘rsatishdan oldin, do‘sti ahmoqona ish qilishga urinmasligini so‘radi.
Книга на Узбекском языке: Мысли о самоубийстве (Джош Макдауэлл, Эд Стюарт)
В этой книге речь пойдет о суицидальных мыслях и устремлениях.
Шестнадцатилетний Кевин Колвин, переживающий развод родителей, смерть близкого друга и удрученный неудачами в школе, впал в отчаяние и решил, что зря топчет землю. Неужели он серьезно обдумывает возможность самоубийства?
Авторы предлагают библейский ответ на вопрос, что делать, если у твоего друга появились мысли свести счеты с жизнью. В этой книге ты найдешь практические советы.
А если ты сам погрузился в такую пучину, то, прочитав эту книгу, ты узнаешь, как разглядеть свет в конце тоннеля, и поймешь, насколько ты важен и ценен для Бога и окружающих.