Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

EFESLIKLARGA

MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini qamoqda bo‘lgan paytda* Efes shahridagi imonlilar jamoatiga yozgan. Efes shahri Rim imperiyasidagi Asiya viloyatining markazi bo‘lib, muhim ahamiyatga ega edi. Bu bandargoh shahar hozirgi Turkiyaning g‘arbida, Egey dengizi bo‘yida joylashgan. Pavlus Xushxabarni yoyish va ta’lim berish maqsadida bir necha marta Efesga borgan, u yerda ikki yil yashagan.

Ushbu maktubda yangi ahd ilohiyotining asoslari batafsil va izchil tarzda bayon qilinadi. Pavlus bu maktubida imonlilarga Masihda pinhon bo‘lgan aql bovar qilmas ilohiy boylik haqida yozadi, masihiylarni kundalik hayotlarida o‘sha ruhiy manbadan foydalanishga chaqiradi. Biz savob ishlarimiz tufayli emas, inoyat tufayli najot topganimizni, Xudoga hamdu sanolar aytish uchun yaralganimizni bizga eslatadi.

Bularning hammasida Xudo yagona maqsadni ko‘zlaydi: U yeru osmondagi bor mavjudotni Masihning hokimiyati ostiga birlashtirmoqchi ekanini aytadi (1:10 ga qarang). Xudo bu rejasini amalga oshirishni masihiylar jamoatidan boshlaydi. Iso Masihning to‘kilgan qoni tufayli jamoat Xudo bilan yarashib, yakdillikka erishadi. Jamoatning yakdilligi orqali Xudo butun borliqqa O‘z donoligiyu ulug‘vorligini namoyon qiladi. Maktubda ishlatilgan metaforalar Xudoning jamoati Masihga tegishli ekanini ko‘rsatadi. Masalan, jamoat bir tana bo‘lsa, Masih uning boshidir, jamoat bino bo‘lsa, Masih uning tamal toshidir.

Maktubning dastlabki qismida (1-3–boblar) samoda biz uchun saqlangan ruhiy barakalar haqida yozilgan. Xudo O‘z xalqini tanlagani, Iso Masih orqali ularni kechirib, gunohlaridan xalos etgani, qut–barakalarga kafil sifatida ularga Muqaddas Ruhni bergani bayon etiladi. Pavlus masihiylarni duo qilib, ular uchun Xudoga yolvoradi. Uning nihoyatda go‘zal va chuqur mazmunga ega bo‘lgan bu mumtoz ibodatlari odamlarga yod bo‘lib ketgan (1:15-23, 3:14-21 ga qarang).

Maktubning so‘nggi qismida (4-6–boblar) Pavlus imonlilarga nasihatlar qiladi. Ularni Masihga munosib hayot kechirishga, Xudoning farzandi degan nomga loyiq tarzda yashashga undaydi. Bir vaqtlar ular zulmatga g‘arq bo‘lgan edilar, endi esa ular nurga to‘la insonlar kabi yashashi lozim. Mana shu nur ularning hayot tarzida aks etib turishi kerak. Shuningdek, Pavlus er–xotinlik munosabatlari, ota–ona va farzandlar, xo‘jayin va qul munosabatlari haqida ta’lim beradi. Pavlus mazkur maktubini yakunlar ekan, yovuz ruhiy kuchlarga qarshi kurashish haqida so‘z yuritadi. Masihiylarni Xudo bergan qurol–aslahalar bilan qurollanib, iblisning hiylalariga qarshi turishga chaqiradi. Ularni har qanday sharoitda Muqaddas Ruhga tayanib duo–ibodat qilishga, hushyor va sabotli bo‘lishga da’vat qiladi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan Iso Masihga sodiq bo‘lgan* Efes shahridagi Xudoning azizlariga salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.

Xudoning ilohiy rejasi

3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U samodagi barcha ruhiy barakalarni Masih orqali bizlarga berdi. 4 Masihga tegishli bo‘lishimiz uchun Xudo bizni dunyo yaratilishidan oldin tanladi. Endi biz Xudoning oldida muqaddas va benuqson, bir–birimizga mehr bog‘lagan insonlar bo‘la olamiz. 5 Xudo* bizni Iso Masih orqali O‘ziga farzand qilib olishni azaldanoq qaror qilgan edi. Xudoning xohish–irodasi shu bo‘lib, bundan U huzur–halovat topdi. 6 Xudo O‘zining suyukli O‘g‘li orqali bizga buyuk inoyat ko‘rsatgani uchun Unga hamdu sanolar bo‘lsin.

7-8 Masihning to‘kilgan qoni orqali Xudo bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi.

Shunday qilib, Xudo bizning hayotimizni to‘ldirgan inoyati qanchalik boy ekanligini ko‘rsatdi. U bizga donoligu aql–idrok ato etdi. 9 O‘z irodasining sirini* ma’lum qildi. Bu irodasi Iso Masih orqali bajo bo‘lishini Xudo oldindan rejalashtirgan edi va bundan U huzur–halovat topdi. 10 Xudo bu rejasini O‘zi belgilagan vaqtda to‘la amalga oshirib, yeru osmondagi bor mavjudotni Masihning hokimiyati ostiga birlashtiradi. 11 Biz Masih orqali Xudoning xalqi bo‘ldik*. Bu Xudoning azaldan belgilagan rejasi bo‘yicha amalga oshdi.

Axir, Xudo har bir narsani O‘z xohish–irodasi bo‘yicha amalga oshiradi.

12 Shunday ekan, biz hammamiz — Masihga umid bog‘laganlar Xudoga shon–shuhrat keltirish uchun yashashimiz lozim. 13 Sizlar haqiqat kalomi, ya’ni najot keltirgan Xushxabarni eshitgan edingiz. Shu tufayli Masihga imon keltirgan edingiz. Xudo va’da qilgan Muqaddas Ruhini sizlarga berib, O‘ziga tegishli ekanligingizni tasdiqladi.

14 Muqaddas Ruh biz kelajakda oladigan qut–barakalarga kafil sifatida berildi. Ha, vaqti kelib*, Xudo O‘ziga tegishli bo‘lganlarni butunlay ozod qiladi. Shularning hammasi Xudoga shon–shuhrat keltiradi.

Shukrona ibodati

15 Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoningiz va Xudoning aziz xalqiga bo‘lgan mehr– muhabbatingiz haqida eshitganimdan beri, 16 sizlar uchun ibodat qilganimda, tinmay Xudoga shukurlar aytaman. 17 Rabbimiz Iso Masihning Xudosi, ulug‘ Otamiz, O‘zini tanib–bilishingiz uchun Muqaddas Ruh orqali sizga donolik va aql–idrok ato qilsin.

18 Xudo sizlarning qalbingizni nurga to‘ldirsin, toki Xudo sizlarni da’vat qilib, sizlarga qanday umid berganligini, Xudoning xalqi U uchun naqadar boy mulk* ekanligini tushunib olinglar. 19 Xudoning biz — imonlilarga ko‘rsatgan tengi yo‘q qudrati naqadar buyukligini ham bilib oling. Mana shu buyuk qudrati bilan 20 Xudo Masihni o‘likdan tiriltirdi va samoda Uni O‘zining o‘ng tomoniga o‘tirg‘izdi*. 21 Isoni Xudo u dunyoyu bu dunyodagi har bir hokimiyat va hukmronlik, har qanday kuch va saltanat, har bir mavjudotdan ustun qildi. 22 Butun borliqni Isoning oyoqlari ostiga tobe qildi. Uni butun borliqdan yuqori qo‘yib, imonlilar jamoatiga bosh qildi. 23 Imonlilar jamoati Masihning tanasidir. Borliqni har jihatdan butun qiladigan Masih jamoatni barkamol qiladi.

2–BOB

Xudoning inoyati tufayli hayotga erishish

1 Sizlar bir vaqtlar gunohlaru ayblaringiz tufayli ruhan o‘lik edingizlar. 2 Sizlar bu dunyoning odatlari bo‘yicha, yovuz ruhiy kuchlarning hokimi bo‘lgan shaytonga bo‘ysunib, gunohga botib yashardingiz. Xudoga itoat qilmay yashayotganlarning yuraklarida amal qilayotgan shaytondir. 3 Biz ham bir vaqtlar xudbin istaklarimizni qondirib yashar edik. Tana ehtiroslariga va bema’ni o‘y–xayollarga berilib yashaydigan, barcha odamzod kabi, tabiatan Xudoning qahr–g‘azabiga loyiq bo‘lgan itoatsiz insonlar edik. 4 Ammo mehr–shafqatga boy Xudo O‘zining bizga bo‘lgan buyuk muhabbatini quyidagicha ko‘rsatdi: 5 garchi biz gunohlarimiz tufayli ruhan o‘lik bo‘lsak ham, Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi. Biz Xudoning inoyati tufayli qutqarilganmiz. 6 Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi va bizga samoda U bilan birga joy berdi. Bular Iso Masih tufayli amalga oshdi. 7 Xudoning inoyati behad mo‘l ekanligi to abad namoyon bo‘lishi uchun, U bizga Iso Masih orqali mehr–shafqat ko‘rsatdi. 8 Axir, sizlar Xudodan inoyat topib, imon orqali najot topgansiz. Bu Xudoning in’omidir, sizning yutug‘ingiz emas.

9 Yana hech kim: “Men savob ishlarim tufayli qutulganman”, deb maqtanmasin. 10 Axir, biz Xudoning ijodimiz. Xudo bizni xayrli ishlar qilishimiz uchun Iso Masih orqali yaratdi, bu ishlarni biz uchun azaldanoq tayyorlab qo‘ygan edi.

Iso Masih orqali xalqlar birlashadi

11 Esingizda bo‘lsin, sunnat qilingan yahudiylar* bir vaqtlar siz — g‘ayriyahudiy bo‘lganlarni “sunnatsiz”* deb atardilar. Vaholanki, yahudiylarning sunnati faqatgina jismoniy sunnat edi. 12 O‘sha paytda sizlar Masihni bilmas edingizlar, Isroil xalqiga tegishli emasdingiz. Xudoning Isroil xalqi bilan tuzgan ahdlariga* va bergan va’dalariga begona bo‘lib, bu dunyoda umidsiz va Xudosiz yashar edingiz. 13 Sizlar oldin Xudodan uzoq edingiz, endi esa Iso Masih orqali, Uning to‘kilgan qoni tufayli Xudoga yaqinlashdingiz.

14-15 Masihning O‘zi bizning tinchlik manbaimizdir. U O‘z tanasini fido qilib, yahudiylar va g‘ayriyahudiylarni birlashtirdi, ularning orasidagi adovat devorini qulatdi. Iso Masih yahudiylarga berilgan qonunni va uning amrlariyu qoidalarini bekor qildi.

Masih tufayli g‘ayriyahudiylar bilan yahudiylar birlashib, yangi bir xalq bo‘ldilar, shunday qilib Masih tinchlik o‘rnatdi. 16 Xochdagi o‘limi orqali Masih g‘ayriyahudiylarni ham, yahudiylarni ham Xudo bilan yarashtirdi–da, ularning orasidagi adovatni yo‘q qildi. 17 Masih kelib, sizlarga — oldin Xudodan uzoq bo‘lganlarga ham, Xudoga yaqin bo‘lganlarga ham tinchlik Xushxabarini e’lon qildi. 18 Masih tufayli endi hammamiz bir Ruh orqali Otamiz Xudoning huzuriga kira olamiz.

19 Demak, sizlar endi begona ham, kelgindi ham emassizlar, balki Xudoning aziz xalqi qatoridasiz, Uning xonadoni a’zosi bo‘ldingizlar. 20 Sizlar xuddi bir binodaysizlar. Bu binoning asosi havoriylaru payg‘ambarlardir*. Binoning tamal toshi* esa Iso Masihning O‘zidir. 21 Bu imorat Rabbimiz Iso Masih orqali bir bo‘lib, yuksalib boradi va Unga bag‘ishlangan muqaddas ma’bad bo‘ladi. 22 Iso Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun sizlar ham bu imoratning bir qismisiz. Bu imoratni Xudoning Ruhi O‘ziga maskan qilib oladi.

3–BOB

Xudo sirli rejasini ayon qiladi

1 Mana, Iso Masih haqi siz — g‘ayriyahudiylarga qilgan xizmatim sababli mahbus* bo‘lganman. 2 Xudo O‘z inoyatini sizlarga yetkazish vazifasini menga topshirdi. Sizlar albatta bu haqda eshitgansizlar. 3 Yuqorida qisqacha yozganimday, Xudo bu sirni menga vahiy orqali ma’lum qildi. 4 Sizlar yozganlarimni o‘qib, Masih haqidagi sirni qanday fahmlaganimni tushunib olasizlar. 5 Bu sir oldingi nasllarga ayon qilinmagan edi. Endi esa Muqaddas Ruh orqali Xudoning muqaddas havoriylari va payg‘ambarlariga* ayon qilindi. 6 Bu sirning mohiyati quyidagichadir: g‘ayriyahudiylar ham Xushxabarga ishonib, Iso Masih orqali Xudo O‘z xalqiga ato qiladigan barakalarga sherik bo‘ladilar.

Ular bilan birga bir tana a’zolari* bo‘lib, Xudoning O‘z xalqiga bergan va’dasidan bahramand bo‘ladilar.

7 Xushxabarni tarqatish xizmati menga Xudoning inoyati bo‘yicha topshirildi. Bu inoyatni Xudo menga O‘zining kuch–qudrati orqali berdi. 8 Men Xudoning azizlari orasida eng arzimagani edim. Masihning aql bovar qilmas boyligi haqidagi Xushxabarni g‘ayriyahudiylarga yetkazishim uchun menga Xudoning inoyati berildi. 9 Xudoning sirli rejasini endi hammaga oshkor qilish vazifasi menga yuklandi. Butun borliqni* yaratgan Xudo bu sirni asrlar davomida pinhon tutgan edi. 10 O‘zining ko‘p qirrali donoligi imonlilar jamoati orqali samoviy kuchlaru saltanatlarga ma’lum bo‘lishi uchun Xudo shunday qildi. 11 Xudoning Rabbimiz Iso Masih orqali ro‘yobga chiqargan azaliy maqsadi shu edi.

12 Biz Iso Masih tufayli va Unga bo‘lgan imonimiz tufayli Xudoning huzuriga dadillik va to‘la jasorat bilan yaqinlashish imkoniga egamiz. 13 Shunday ekan, sizlardan o‘tinaman, mening azob–uqubatlarimni deb, ruhingiz hech tushmasin. Aksincha, sizlar uchun chekkan azob–uqubatlarim bilan faxrlaninglar.

Pavlusning ibodati

14 Yuqorida aytib o‘tganlarim haqida o‘ylaganimda, samoviy Otamiz* oldida tiz cho‘kib, ibodat qilaman. 15 Yer yuzidagi va osmonu falakdagi har bir jonzotning hayot manbayi samoviy Otadir. 16 Mening toat–ibodatlarim quyidagichadir: Xudo O‘zining ulug‘vor boyligi bilan sizlarga kuch–qudrat berib, O‘z Ruhi bilan ichki borlig‘ingizni baquvvat qilsin. 17 Imoningiz orqali Masih yuragingizdan joy olsin. 18-19 Sizlar ildizi chuqur daraxtday bo‘ling, Xudoning sevgisi sizlarni barqaror qilsin. Xudoning barcha azizlari bilan birga, Masihning aql bovar qilmas sevgisi qanchalik keng, qanchalik cheksiz, qanchalik yuksak va teran ekanligini to‘la anglab, bilib olinglar. Shunda hayotingiz Xudoning kamolotiga to‘lib–toshadi.

20 Xudo hayotimizda amal qilayotgan qudrati bilan biz so‘ragan yoki tasavvur

qilganlarimizni va hatto xayolimizga kelmaganlarni ham bajarishga qodirdir.

21 Imonlilar jamoati va Iso Masih orqali Xudoga nasllar osha to abad shon–sharaflar

bo‘lsin! Omin.

4–BOB

Imonlilarning birligi va yangi hayoti

1 Rabbimiz Iso haqi mahbus* bo‘lgan men — Pavlus sizlardan o‘tinib so‘rayman: Xudo sizlarni O‘ziga da’vat qilganini yoddan chiqarmay, shu da’vatga munosib tarzda yashanglar. 2 Doimo kamtar va muloyim bo‘linglar, mehr–muhabbat bilan bir–biringizga nisbatan sabr–toqatli bo‘linglar. 3 O‘zaro tinch–totuv yashab, Muqaddas Ruh ato qilgan birdamlikni saqlashga jon kuydiringlar. 4 Hammamiz bir tananing a’zolarimiz*, qalbimizdagi Muqaddas Ruh ham birdir. Shuningdek, Xudo bizni da’vat qilib, hammamizga bergan umid ham birdir. 5 Rabbimiz bir, imonimiz ham birdir, bir maqsadda suvga cho‘mdirilganmiz. 6 Barchamizning Otamiz Xudo birdir. U hammamizdan ustun bo‘lib, hammamiz orqali O‘z irodasini bajo qiladi. U hammamizning oramizdadir. 7 Masih O‘z inoyatiga ko‘ra, har birimizga turli xil in’omlar bergan. 8 Mana, Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan:


“Yuksaklarga chiqdi U, Asirlarni ortidan ergashtirdi. Insonlarga hadyalar berdi.”*


9 U yuksaklarga chiqdi degan so‘zlar nimani bildiradi? U oldin pastga — yer yuziga tushgandan boshqa nimani bildirishi mumkin?! 10 Pastga tushgan Zot, koinotni har jihatdan butun qilay deb, falak toqidan ham yuqoriroqqa chiqdi.

11 Masih ba’zilarni havoriy, ba’zilarni esa payg‘ambar, ba’zilarni Xushxabar voizi, yana boshqalarni jamoatlarning cho‘ponlariyu ustozlari qilib tayinladi, 12 toki ular Xudoning aziz xalqini xizmat qilishga tayyorlasinlar. Shunda Masihning tanasi, ya’ni jamoat imonda mustahkam turadi. 13 Buning natijasida hammamiz imonda yakdil, Xudoning O‘g‘li Masihni tanib–biladigan, Uning kamoliga erishgan yetuk odamlar bo‘lamiz. 14 Shunda biz norasida go‘daklarga o‘xshamaymiz, shamol esgan tomonga egiladigan novdaday bo‘lmaymiz. Har xil ta’limotlar va quv odamlarning hiylayu ayyorliklariga laqqa tushavermaymiz. 15 Kelinglar, mehr–muhabbat bilan haqiqatni aytib, jamoatning boshi bo‘lgan Masihga o‘xshab har jihatdan yetuk insonlar bo‘laylik. 16 Uning boshchiligida butun badan payu bo‘g‘inlar yordamida o‘zaro ulanadi va birikadi. Har bir a’zo o‘z vazifasini bajarar ekan, butun badan o‘sib boradi va mehr– muhabbat tufayli baquvvat bo‘ladi.

17 Shunday ekan, Rabbimiz Isoning nomidan qat’iy tayinlab, sizlarga aytaman: endi

xudosiz odamlarday yashamanglar, ular singari behuda o‘y–xayollarga berilmanglar.

18 Ularning onglarini zulmat qoplagan, ular Xudo beradigan yangi hayotga begonadirlar, chunki ular bag‘ri tosh bo‘lib, jaholatda qolganlar. 19 Ular har qanday or–nomus tuyg‘usini yo‘qotib, fisqu fujurga berilganlar, har xil iflos ishlarni ishtiyoq bilan qiladilar. 20 Ammo sizlar Masihdan bunday ishlarni o‘rganmagansiz. 21 Sizlar Masihning so‘zlarini eshitib, Uning ta’limotini olgansizlar, chunki haqiqat Masihda jamdir. 22 Oldingi yashash tarzingizga tobe bo‘lmang, eski o‘zligingizdan voz keching, chunki u aldovchi ehtiroslar tufayli buzilib ketgan. 23 Yangichasiga fikr–zikr qiladigan bo‘linglar. 24 Xudoning suratida yaratilgan, haqiqiy solihlik va muqaddaslikdan iborat bo‘lgan yangi tabiatga burkaninglar.

Yangi hayot uchun yo‘l–yo‘riqlar

25 Endi yolg‘on gapirishni bas qilib, har biringiz o‘z yaqiningizga haqiqatni aytinglar, axir, hammamiz bir tananing a’zolarimiz–ku. 26 Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmanglar*. Quyosh botguncha jahldan tushinglar. 27 Iblisga fursat bermanglar. 28 Oldin o‘g‘ri bo‘lgan endi o‘g‘rilik qilmasin, balki ishlasin, o‘z qo‘llari bilan mehnat qilsin.

Shunda muhtojlarga ham topgan–tutganidan yordam bera oladi. 29 Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin. Lekin tinglovchilarning ehtiyojiga ko‘ra, kerakli gaplarni aytib, ularga dalda bering, shunda so‘zlaringiz ularga foyda keltiradi.

30 Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qilmanglar, chunki Muqaddas Ruh sizlarning Xudoga tegishli ekaningizning hamda bir kun kelib*, butunlay ozod bo‘lishingizning dalilidir. 31 Har qanday gina–kudurat, qahru g‘azab, janjalkashlik, g‘iybatchilikni hamda boshqa har xil yomonliklarni o‘zingizdan soqit qilinglar. 32 Bir–biringizga nisbatan ko‘ngilchan va mehr–shafqatli bo‘linglar. Xudo sizlarni Masih orqali kechirganday, sizlar ham bir–biringizni kechiringlar.


5–BOB

1 Xudoning sevikli farzandlari ekansiz, endi Xudodan o‘rnak olinglar. 2 Masih bizni yaxshi ko‘rib, biz uchun O‘zini fido qildi va shu yo‘sin Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik bo‘ldi. Sizlar ham Iso Masihga o‘xshab, xuddi shunday mehr–muhabbat bilan yashanglar. 3 Sizlarning orangizda fahsh, zinokorlik, ifloslik yoki xasisligu ochko‘zlik hatto tilga ham olinmasin. Bular Xudoning azizlariga munosib emas. 4 Shuningdek, orangizda beadablik, nojo‘ya so‘zlaru qo‘pol hazillar ham bo‘lmasin, chunki bunday qiliqlar sizlarga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi, Xudoga shukur qilinglar. 5 Shuni bilib qo‘yinglarki, hech bir fahshboz, iflos yoki xasisu ochko‘z inson Masihning va Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydi, chunki aytib o‘tilganlarning hammasi butparastlik bilan tengdir.

6 O‘shanday gunohlarni qilishga bahona izlaganlar sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin, chunki Xudoning qahr–g‘azabi Unga itoatsiz bandalarning boshiga tushadi. 7 Shuning uchun ularga sherik bo‘lmanglar. 8 Bir vaqtlar sizlar zulmatga to‘la edingiz, endi esa Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganingiz uchun nurga to‘ldingiz. Shunday ekan, nurga to‘la insonlar kabi yashanglar. 9 Axir, har qanday ezgulik, solihlik va haqiqat nurning* samarasidir. 10 Rabbimizga nima maqbul ekanligini bilishga tirishinglar.

11 Zulmatning besamara ishlarida ishtirok etmanglar, aksincha, ularni fosh etinglar.

12 Maxfiy ravishda qilinadigan o‘sha ishlar haqida gapirish ham uyatdir. 13 Ammo nur porlaganda hamma narsa fosh bo‘lib, ochiq–oshkor ko‘rinadi. Axir, nur hamma narsani ochiq–oydin namoyon qiladi–ku! 14 Mana shu sababdan shunday deymiz:


“Ey uxlayotgan, tur! O‘likdan tiril!

Masih senga nur sochar*.”


15 Shunday qilib, qay tarzda yashayotganingizga diqqat qilinglar. Nodonlar kabi emas, balki donolarday hayot kechiringlar. 16 Fursatni g‘animat bilinglar, chunki biz yashayotgan bu kunlar yomonlikka to‘la. 17 Shuning uchun beaql bo‘lmanglar, balki Rabbimiz Isoning irodasi nima ekanligini anglashga harakat qilinglar. 18 Sharob ichib

mast bo‘lmanglar, chunki bu buzuqlikka olib boradi. Aksincha, Muqaddas Ruhga to‘lib– toshinglar. 19 Birga yig‘ilganingizda sanolar, ruhiy madhiyalaru qo‘shiqlar kuylanglar. Musiqa asboblariyu xonishlaringiz bilan chin yurakdan Rabbimizga hamdlar aytinglar. 20 Har doim, har bir narsa uchun Rabbimiz Iso Masih nomi bilan Otamiz Xudoga shukur qilinglar.

Oilaviy munosabatlar haqida nasihatlar

21 Iso Masihni* izzat–hurmat qilganingiz uchun bir–biringizga bo‘ysuninglar. 22 Ey xotinlar, siz Rabbimiz Isoga qanday bo‘ysunsangiz, erlaringizga ham shunday bo‘ysuning. 23 Masih imonlilar jamoatining boshi bo‘lgani kabi, er ham xotinning boshidir. Masih O‘z tanasi bo‘lgan jamoatning Najotkoridir. 24 Jamoat Masihga qanday tobe bo‘lsa, xotinlar ham har jihatdan o‘z erlariga shunday tobe bo‘lishlari kerak. 25 Ey erlar, Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday, sizlar ham xotinlaringizni shunday yaxshi ko‘ringlar. 26 Masih jamoatni suv* va Xudoning kalomi orqali poklab*, muqaddas qilish niyatida O‘zini fido qildi. 27 Jamoatni O‘z huzuriga keltirganda, jamoat har qanday g‘ubor, ajin va dog‘dan xoli bo‘lib, ulug‘vor, muqaddas va benuqson bo‘lishi uchun Masih O‘z jonini ayamadi. 28 Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan erkak o‘zini sevgan bo‘ladi.

29 Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z jamoatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi. 30 Biz Masih tanasining a’zolarimiz*. 31 Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan: “Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak bo‘lib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.”* 32 Bu buyuk sirdir, endi bu sir Masih hamda jamoatga ham taalluqlidir.

33 Xullasi kalom, har bir er o‘z xotinini o‘zini sevganday sevsin. Xotin ham erini hurmat

qilsin.


6–BOB

1 Ey farzandlar, Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganingiz uchun ota–onangizga itoat qilinglar, chunki shunday qilish to‘g‘ridir. 2-3 Axir, Xudo shunday amr qilgan: “Ota– onangizni hurmat qiling. O‘shanda yer yuzida umringiz uzoq bo‘lib, baxtiyor yashaysiz.”* Va’da qo‘shib berilgan birinchi amr o‘sha amrdir. 4 Ey otalar, farzandlaringizning g‘ashiga tegmang. Ularni Rabbimizning ta’lim–tarbiyasi bilan o‘stiring.

5 Ey qullar, Masihga chuqur izzat–ehtirom bilan, chin yurakdan itoat qilganingiz kabi, xo‘jayinlaringizga ham shunday itoat qilinglar. 6 Faqatgina insonlarni mamnun qilib, xo‘ja ko‘rsinga xizmat qiladigan odamlarga o‘xshamasdan, Masihning qullari kabi, chin ko‘ngildan Xudoning irodasini bajaringlar. 7 Insonlarga emas, balki Rabbimiz Isoga xizmat qilayotgandek, bajonu dil xizmat qilinglar. 8 Esingizda tuting: xoh qul, xoh erkin bo‘lsin, har bir kishi qilgan yaxshiligiga yarasha mukofotni Rabbimizdan oladi.

9 Ey xo‘jayinlar, sizlar ham qullaringizga yaxshi muomalada bo‘linglar. Ularga do‘q– po‘pisa qilishni bas qilinglar, chunki bilasizlar–ku, ularning ham, sizlarning ham Xo‘jayiningiz samoda, U tarafkashlik qilmaydi.

Yovuzlikka qarshi kurash

10 Va nihoyat, Rabbimiz Iso sizning qudrat manbaingiz bo‘lsin, Uning buyuk qudrati

sizlarni baquvvat qilsin. 11 Iblisning hiylalariga qarshi tura olishingiz uchun Xudo bergan

barcha qurol–aslahalar bilan qurollaning. 12 Axir, bizning kurashimiz insonlarga qarshi emas, balki samoviy olamdagi yovuz ruhiy kuchlarga, ruhiy hokimiyat va hukmronlikka hamda bu qorong‘i dunyoni boshqarayotgan ruhiy hukmronlarga qarshidir. 13 Shu sababdan, Xudoning qurol–aslahalari bilan qurollaning, deb aytyapman. Shunda yovuzlikka to‘la kunlarda mahkam tura olasiz, qurollanib tayyor turgan bo‘lasiz.

14 Hushyor turinglar! Belingizga haqiqat kamarini taqinglar, ko‘ksingizga solihlik sovutini kiyinglar, 15 tinchlik Xushxabarini yoyish uchun oyog‘ingizga ildamlik poyabzalini kiyinglar. 16 Bularga qo‘shib, imon qalqonini qo‘lga olinglar. Shu qalqon bilan yovuz shaytonning hamma alangali o‘qlarini kuchdan qoldirasizlar. 17 Shuningdek, boshingizga najot dubulg‘asini kiyinglar, Ruh beradigan, Xudoning kalomi bo‘lgan qilichni ko‘taringlar.

18 Har qanday sharoitda Muqaddas Ruhga tayanib duo–ibodat qilinglar. Ibodatda hushyor va sabotli bo‘lib, Xudoning barcha azizlari uchun iltijo qilinglar. 19 Men uchun ham ibodat qilinglar. Men og‘zimni ochganimda, zarur bo‘lgan so‘z menga berilsin, toki qo‘rqmasdan Xushxabar sirini* bayon eta olayin. 20 Shu Xushxabarning elchisi bo‘lganim uchun hibsdaman*. Elchiga loyiq ravishda men Xushxabarni jasurlik bilan e’lon qilishim uchun ibodat qilinglar.

So‘nggi tilaklar

21 Tixikus sizlarga mening hol–ahvolimni, nimalar qilayotganimni aytib beradi. U suyukli birodarimiz, Rabbimiz Isoning sodiq xizmatkoridir. 22 Mana shu maqsadda, bizning ahvolimizni sizlarga bildirsin, sizlarga dalda bersin deb, uni sizlarning oldingizga yuboryapman.

23 Birodarlarim, Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga tinchlik, mehr– muhabbat va imon ato qilsin. 24 Rabbimiz Iso Masihni yaxshi ko‘rganlarning hammasiga to abad Xudoning inoyati yor bo‘lsin*.

IZOHLAR

…qamoqda bo‘lgan paytda… — 3:1 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

1:1 …Iso Masihga sodiq bo‘lgan… — yoki …Iso Masihga imon keltirgan….

1:4-5 …benuqson, bir–birimizga mehr bog‘lagan insonlar bo‘la olamiz. 5 Xudo… — yoki

…benuqson insonlar bo‘la olamiz. Bizga muhabbat ko‘rsatib, 5 Xudo….

1:9 O‘z irodasining siri — 3:2-6 ga qarang.

1:11 …Xudoning xalqi bo‘ldik — bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z qur’a bo‘yicha mulk taqsimlash ma’nosini bildiradi. Bu oyatda majoziy ma’noda ishlatilib, imonlilar

Xudoning bebaho mulki ekanligini ko‘rsatadi. Yana shu bobning 14, 18–oyatlariga va Qonunlar 32:8-9 ga qarang.

1:14 …vaqti kelib… — oxiratda najot to‘liq ro‘yobga chiqadigan vaqtga ishora (1 Butrus 1:5, Rimliklar 8:23, 13:11 ga qarang).

1:18 …Xudoning xalqi U uchun naqadar boy mulk… — shu bobning 11–oyati izohiga qarang.

1:20 …Uni O‘zining o‘ng tomoniga o‘tirg‘izdi — Zabur 109:1 ga qarang. O‘ng tomon muruvvat va baraka o‘rni deb hisoblangan.

2:11 sunnat qilingan yahudiylar — sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:1-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini ko‘rsatadi.

2:11 “sunnatsiz” — bu so‘z g‘ayriyahudiylarning Xudodan mahrum bo‘lib kelganiga, Uning xalqi qatorida hisoblanmaganiga urg‘u beradi.

2:12 ahdlar — Xudoning Isroil xalqi va ularning ota–bobolari bilan qilgan ahdlariga ishora (Ibtido 15:18, 17:1-14, Chiqish 19:1-8, 2 Shohlar 7:8-16, Yeremiyo 31:31-34 ga qarang).

2:20 havoriylaru payg‘ambarlar — Iso Masihning Xushxabarini va’z qiladigan havoriylarga va Yangi Ahd davridagi payg‘ambarlarga ishora (3:5, 4:11-12 ga va 1 Korinfliklar 12:28 ga qarang).

2:20 tamal toshi — qadimgi paytlarda qurilishda poydevor uchun qo‘yilgan birinchi va eng muhim tosh hisoblanardi. Bu tosh poydevorning bir burchagini hosil qilib, binoning qolgan qismi o‘sha toshning joylashuvi bo‘yicha qurilardi.

3:1 mahbus — bu paytda Pavlus Rimda mahbus bo‘lgani ehtimoldan holi emas

(Havoriylar 28:16, 30 ga qarang).

3:5 Xudoning muqaddas havoriylari va payg‘ambarlari — 2:20 ning birinchi izohiga qarang.

3:6 bir tana a’zolari — 4:4 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

3:9 Butun borliqni… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Iso Masih orqali

butun borliqni….

3:14 samoviy Otamiz — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Rabbimiz Iso Masihning samoviy Otasi.

4:1 mahbus — 3:1 izohiga qarang.

4:4 Hammamiz bir tananing a’zolarimiz… — 1 Korinfliklar 12:12-27 ga qarang.

4:8 Muallif bu o‘rinda Zabur 67:19 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

4:26 Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmanglar — Zabur 4:5 ga qarang.

4:30 …bir kun kelib… — 1:14 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

5:9 nur — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Ruh.

5:14 Ey uxlayotgan, tur! …Masih senga nur sochar — bu so‘zlar ilk masihiylar kuylagan madhiyadan olingan bo‘lishi mumkin.

5:21 Iso Masih — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudo.

5:26 suv — suvga cho‘mdirilish marosimiga ishora. Bu marosim qayta tug‘ilish va gunohdan poklanish ramzidir (Yuhanno 3:5-7, Havoriylar 22:16, 1 Butrus 3:21 ga qarang).

5:26 …Xudoning kalomi orqali poklab… — Yuhanno 15:3, 1 Butrus 1:22-25 ga qarang.

5:30 a’zolarimiz — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida a’zolarimiz, Uning

etu suyagimiz.

5:31 Ibtido 2:24 ga qarang.

6:2-3 Qonunlar 5:16 ga qarang.

6:19 Xushxabar siri — 3:2-6 ga qarang.

6:20 hibsdaman — 3:1 izohiga qarang.

6:24 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru