Umuman olganda, havoriychilik davridagi masihiy hayotiga so‘nggi bor tashlangan bu yuzaki nazar ilohiyotshunoslardan chuqur mushohada yuritishni talab qiladi. Bu yerda tasvirlangan holat mukammallikdan yiroq, biroq u erkinlik foydasiga hamda imonda o‘sish zarurligi haqida guvohlik beradi. B. F. Vestkott
Kirish
I. QONUNDAGI (KANONDAGI) O‘ZIGA XOS O‘RIN
Hatto Yuhannoning uchinchi maktubi ham — Yangi Ahddagi eng qisqa maktub (asl nusxada Yuhannoning ikkinchi maktubidan bir satrga qisqaroq) — “barcha Muqaddas Yozuvlar foydalidir” degan Ilohiy haqiqatni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yuhannoning ikkinchi maktubidagi kabi, bu yerda ham asosiy so‘zlar — sevgi va haqiqatdir. Ammo haqiqatni o‘rgatmaydiganlarni qabul qilmaslik qat’iyatida sevgi namoyon bo‘lgan Yuhannoning ikkinchi maktubidan farqli o‘laroq, uchinchi maktubda haqiqatni yoyib, olg‘a intilayotganlarga ko‘mak berish orqali sevgi muloyimlik bilan ko‘rsatilgan.
II. MUALLIFLIK
Yuhannoning uchinchi maktubi uchun tashqi dalillar ikkinchi maktubning dalillariga o‘xshaydi. Bu maktublar shu qadar qisqa va shaxsiy tusga egaki, nima uchun ularda Yuhannoning birinchi maktubidagidek ko‘proq dalillar yo‘qligini tushunish qiyin emas.
Origenes va Eusebius Yuhannoning uchinchi maktubini “antilegomena” ya’ni bahsli kitoblar sirasiga kiritishgan. Iskandariyalik Klement va Dionisiy, shuningdek, Qudduslik Kirill ham Yuhannoning uchinchi maktubini tan olishgan. Muratori qonunining (kanonining) guvohligi esa noaniqligicha qolmoqda.
Ichki dalillar bu maktubni Yuhannoning ikkinchi maktubiga va tabiiyki, birinchi maktubiga juda yaqinlashtiradi. Uchala maktub birgalikda o‘zlarining asl ekanini tasdiqlaydi. Havoriy Yuhanno o‘ziga nisbat berilgan boshqa ikki maktub bilan birga Yuhannoning uchinchi maktubini ham yozgan, degan an’anaviy qarashga shubha qilish uchun jiddiy asoslar yo‘q.
III. YOZILGAN VAQT
Yuhannoning birinchi va ikkinchi maktublaridagi kabi, bu maktub uchun ham ikkita asosiy sana taxmin qilinadi. Agar Yuhanno Quddus vayron etilishidan oldin u yerdan turib yozgan bo‘lsa, unda maktubning 60-yillarda yozilgani ehtimoli bor. Aksariyat olimlar maktub keyinroq, ya’ni Yuhanno Efesda yashab, xizmat qilgan davrda yozilgan, degan fikrga moyil. Shu tariqa, eng ko‘p qabul qilingan sana — 85–90-yillardir.
IV. YOZILISH MAQSADI VA MAVZUSI
Bu kichik maktubning tarixiy zamini bizga birinchi asr oxiridagi cherkov hayoti haqida yorqin tasavvur beradi. Havoriy bir necha aniq qalam tebratish bilan uch xil shaxsni tasvirlab bergan: Gay — mehmondo‘st va ma’nan yetuk, Dimitriy — maqtovga sazovor hamda Diotref — xudbin va mehrsiz. Diotref har qanday cherkovda uchratish mumkin bo‘lgan kuchli va o‘zbilarmon shaxsning timsoli bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, u tajribasi va martabasi o‘zidan yuqori bo‘lgan har qanday kishining ishonchiga kirib, rasman o‘zi bilan teng mavqeda bo‘lganlarni boshqarishi ham mumkin. Bu so‘nggi moyillik ikkinchi asrda va undan keyinroq “monarxik yepiskopat”da (yagona eng nufuzli nozir yoki yepiskop hukmronligi) rivojlandi.
Reja
I. Salomlashuv (1–4-oyatlar)
II. Solih Gay (5–8-oyatlar)
III. Hokimiyatparast Diotref (9–11-oyatlar)
IV. Xudojo‘y Dimitriy (12-oyat)
V. Havoriyning rejalari va duo (13–14-oyatlar)