Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhannoning ikkinchi maktubi: 1  Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o`zbek tilidagi sharhlari

I. HAVORIYNING SALOMI: INOYAT, MARHAMAT VA TINCHLIK

(1–3-oyatlar)

1-oyat. Ikkinchi maktubida havoriy Yuhanno o‘zini oqsoqol deb tanishtiradi. Bu so‘z ham yoshni, ham jamoatdagi rasmiy mavqeni anglatishi mumkin.

Yoshiga kelsak, Yuhanno Rabbimiz Iso bilan muloqot qilgan havoriylarning oxirgisi edi. Rasmiy mavqeyiga ko‘ra esa, u, albatta, yepiskop yoki nozir bo‘lgan. Shunday qilib, bu izohlardan birini tanlashga hojat yo‘q — ikkalasi ham to‘g‘ri.

“Tanlangan xonimga” degan so‘zlarni tushuntirish unchalik oson emas. Odatda uchta nuqtayi nazar ilgari suriladi. 1) Ayrimlar tanlangan xonim — bu boshqa joyda Masihning Kelini deb atalgan jamoat yoki alohida bir mahalliy jamoat, deb hisoblashadi. 2) Boshqalar esa maktub “tanlangan Kiriya”ga, ya’ni Kiriya ismli ayolga yo‘llangan, deb o‘ylashadi. Bu ism oromiy tilidagi “Marta” so‘zining yunoncha muqobili bo‘lib, ikkalasi ham “xonim” degan ma’noni anglatadi. (Yunoncha “eklekte” (“tanlangan”) so‘zining “kiriya” (“xonim”) so‘zi bilan birga kelib, “Xonim Tanlangan” kabi atoqli otni anglatishi dargumon). 3) Ba’zilarning fikricha, Yuhanno ismi aytilmagan masihiy bir xonimga yozyapti. U xonim boshqa barcha imonlilar qatori Xudo tomonidan, ya’ni dunyo yaratilishidan avval Masihda tanlangan.

Biz oxirgi nuqtayi nazarga moyilmiz va masihiylikka qarshi ustozlardan ogohlantirishning aynan ayol kishiga yo‘llangan maktubda keltirilganini o‘ta muhim deb bilamiz. Gunoh dunyoga ilk bor iblis tomonidan aldanib qolgan Momo Havo orqali kirgan. “...Xotin esa aldanib, gunohga botdi” (1 Timo‘tiyga 2:14). Pavlus ayollarga atayin murojaat qiladigan soxta ustozlar haqida gapiradi; ular uylarga kirib, “gunohlarga botgan, turli ehtiroslarga berilgan”, har kimni tinglashga tayyor-u, ammo hech qachon “haqiqatni bila olmaydigan” ishonuvchan ayollarni yo‘ldan ozdiradilar (2 Timo‘tiyga 3:6–7). Hatto bugungi kunda ham soxta din vakillari uylarga kunduz kuni, ya’ni uy egasi bo‘lgan erkak odatda ishda bo‘lgan paytda kelishadi. Bolalarni ham soxta ustozlardan ogohlantirish lozim.

Yuhanno bu tanlangan xonimni va uning farzandlarini haqiqat ila sevishini aytadi.

Najot topganlar doimo ajoyib bir hamjihatlikka erishadilar va bir-birlarini shunday sevishadiki, agar ularni Xudoning haqiqatiga bo‘lgan umumiy sevgi birlashtirmaganida, hech qachon bunday seva olmasdilar. Aynan Xudoning haqiqati qalblarni, ya’ni haqiqatni anglab yetgan barchaning qalbini birlashtiradi.

2-oyat. “Haqiqat yo‘lida” degan so‘zning ikki ehtimoliy izohi bor. Ular ham barcha azizlarga bo‘lgan sevgi sababini, ham Yuhannoni ushbu maktubni yozishga undagan sababni ko‘rsatishi mumkin.

Ikkala talqin ham o‘rinli. Chunki haqiqat ichimizda yashaydi va biz bilan abadiy birga bo‘ladi. Bu yerdagi haqiqat quyidagilarga ishora qilishi mumkin: 1) Rabbimiz Iso Masihga. U: “Men... haqiqatman”, – degan (Yuhanno 14:6); 2) Muqaddas Ruhga: “...Ruh esa haqiqatdir” (1 Yuhanno 5:6; Yuhanno 14:16–17 ga qarang) yoki 3) Muqaddas Kitobga: “...Sening so‘zing haqiqatdir” (Yuhanno 17:17). Uchala haqiqat ham bizni qo‘llab-quvvatlab, biz bilan abadiy qolishidan hayratlanmaslik mumkinmi!

3-oyat. Yuhannoning salomi shunday yangraydi: “Sizlarga inoyat, marhamat va tinchlik yor bo‘lsin...”. Yunoncha tanqidiy matnda va ko‘pchilik qo‘lyozmalarda “bizlarga” deb o‘qiymiz. Yunon tilida sizlarga/bizlarga, sizning/bizning kabi so‘zlar faqat bitta harf bilan farqlanadi, shu sababli maktubni ko‘chirishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin (Masalan, 8-oyatga qarang, tanqidiy matnga ko‘ra, u yerda “bizga” emas, “sizga” deb o‘qilishi kerak).

Inoyat — aksiga munosib bo‘lganlarga ko‘rsatiladigan loyiq bo‘lmagan iltifotdir. Marhamat — aybdor va hech narsaga yaramaydiganlarga ko‘rsatiladigan rahmdillikdir. Tinchlik — Xudoning inoyati va marhamatidan kelib chiqadigan uyg‘un munosabatlardir.

Bu uchala baraka ham Ota Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan keladi. Ota — Manba, O‘g‘il esa — Yo‘ldir. Bundan tashqari, Ularning ikkalasi ham haqiqat va sevgidadirlar va buni hech qachon bu fazilatlardan birortasining hisobiga qilmaydilar.

II. HAVORIYNING QUVONCHI: ITOATKOR FARZANDLAR (4-oyat)

Endi Yuhanno tanlangan xonimning ba’zi farzandlari haqiqat yo‘lida yurganini eshitib, o‘z quvonchini izhor etadi. Haqiqat — bu nafaqat aql bilan ishoniladigan narsa, balki u bilan yashaladigan va kundalik yurish-turishda aks etadigan narsadir. Rabbimiz Iso haqiqatning tirik timsoli bo‘lgan, shuning uchun U bizning hayotimiz ham haqiqatga guvohlik berishini kutadi.

III. HAVORIYNING ILTIMOSI: BIR-BIRINGIZNI SEVING (5–6-oyatlar)

5-oyat. 5–9-oyatlarda havori Yuhanno, aftidan, o‘zining Birinchi maktubiga qisqacha xulosa keltirmoqda. U yerda u hayotni tekshirish uchun mezonlarni sanab o‘tgan edi. Bu oyatlarda esa u o‘sha mezonlardan kamida uchtasini takrorlaydi: sevgi sinovi (5-oyat), itoatkorlik sinovi (6-oyat) va e’tiqod ta’limoti tahlili (7–9-oyatlar).

6-oyat. Avvalo, u o‘quvchilariga imondosh birodarlarini sevish amrini eslatadi. Aslida, bu yerdagi sevgi – boshqalarga beg‘araz xizmat qilishdir. U “Bu odamdan men nima ola olaman?” degan savolda emas, balki “Bu odam uchun men nima qila olaman?” degan savolda ifodalanadi. Demak, sevgi Xudoning amrlariga muvofiq yashashdan iborat. Agar Rabbimizga va Xudoning haqiqatiga itoat qilmasak, ilohiy ma’noda chinakam sevgiga ega bo‘la olmaymiz.

IV. HAVORIYNING XAVOTIRI: DAJJOL VA YO‘LDAN OZDIRUVCHILAR (7–11-oyatlar)

7-oyat. Bu yerda gap e’tiqod ta’limotini tekshirish haqida bormoqda. Asosiy savol shunday: “Xudo haqiqatan ham Iso Masih Shaxsida Inson bo‘lganmi?” Javob aniq: “Ha!” Gnostiklar esa Ilohiy Masih nosiralik Isoga bir muddatga tushgan, deb hisoblashgan. (Gnostitsizm haqida so‘z boruvchi “Kolossaliklarga kirish” qismiga qarang.) Biroq Yuhanno Iso Masih Xudo bo‘lgan, hozir ham Xudodir va hamisha Xudo bo‘lib qolajagini qat’iy ta’kidlaydi.

8-oyat. Shu sababli u o‘quvchilarni ogohlantiradi: “Shu paytgacha qilgan mehnatlarimiz zoye ketmasligi uchun o‘zingizga ehtiyot bo‘ling. Shunda to‘liq mukofotga ega bo‘lasizlar”. Boshqacha aytganda, Rabbimiz Iso Masih haqidagi haqiqatni mahkam tuting, toki orangizdagi mehnatimiz behuda ketmasin va biz (havoriylar va ularning izdoshlari) to‘liq mukofotni olaylik.

9-oyat. Yuhanno “Masihning ta’limotidan chetga chiqib, unda qolmaydigan har bir kishi” deganda soxta ustozlarni nazarda tutmoqda. Ta’limotdan chetga chiqish – ruxsat etilgan chegaralardan tashqariga chiqish degani. Turli mazhablar aynan shunday yo‘l tutadi: ular yangi vahiy olganliklarini da’vo qilib, Xudo Kalomida bo‘lmagan narsalarni tarqatadilar. Ular nasroniy vahiysining chegaralarida qolishni yoki Masihning ta’limotida sobit turishni istamaydilar. Bu yerda, aftidan, Masihning O‘zi olib kelgan ta’limot nazarda tutilmoqda. Balki, ta’limotdan chetga chiqish – Muqaddas Kitobning Masih haqidagi ta’limlarini rad etishdir. Bu oyatda havori shuni ta’kidlaydiki, mazhabdagilar Xudo haqida bilamiz deb o‘ylashsa-da, Rabbimiz Isoning mukammal Xudo-Inson ekaniga ishonmaganliklari uchun, ular umuman Xudoga ega emaslar. Xudoni faqat Uning O‘g‘li orqali tanib-bilish mumkin. “...Men orqali bo‘lmasdan hech kim Otaning oldiga borolmaydi” (Yuhanno 14:6).

10–11-oyatlar. Maktubning mohiyati shu yerda bayon etilgan. Havori uylarimizga keladigan soxta ustozlarga qanday munosabatda bo‘lish haqida bizga qimmatli maslahat beradi. Yuhanno bu yerda tasodifiy mehmonlarni emas, balki masihchilikka qarshi targ‘ibotchilarni nazarda tutmoqda.

Ularni uyga taklif qilish kerakmi? Yoki bir piyola qahva uzatish kerakmi? Ularga moddiy yordam berish joizmi? Ulardan adabiyot sotib olish kerakmi? Javob shunday: biz ularni na qabul qilishimiz, na olqishlashimiz kerak. Bu odamlar Masihning dushmanlaridir. Ularga mehmondo‘stlik ko‘rsatish – Najotkorimizga qarshi chiqib, ularning tarafini olish demakdir. Balki, qachondir bunday odamning Rabbimizni inkor etishini bilmagan holda uyimizga kiritgan bo‘lishimiz mumkin.

Bunday holatda bu oyatlar qo‘llanilmaydi. Ammo bu odamning soxta ustoz ekanini aniq bilsak, unga do‘stona yordam ko‘rsatib, Masihga xiyonat qilgan bo‘lamiz. Bu oyatlar umuman mehmonlarga taalluqli emas. Biz Masihga jalb qilish uchun imonsizlarni tez-tez mehmonga taklif qilamiz. Lekin bu yerda gap aynan Xudo-Inson Iso Masihni inkor etuvchi diniy ustozlar haqida ketmoqda.

S. F. Hogg shunday tushuntiradi:

“Masihga qilingan hujumlarga yo‘l qo‘yish mumkin, degan taassurot uyg‘onishiga hech qachon imkon bermaslik kerak. Shuningdek, murtadning boshqalarga ta’sir o‘tkazishiga ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”. (S. F. Hogg, What Saith the Scripture?, p. 143.)

V. HAVORIYNING UMIDI: SHAXSAN UCHRASHISH (12–13-oyatlar)

12-oyat. Yuhanno tanlangan xonimga aytadigan yana ko‘p gaplari bor edi. Ammo u tez orada xonimning oldiga shaxsan borib, yuzma-yuz suhbatlashish umidida shu yerda yozishdan to‘xtaydi. Siyoh bilan qog‘ozga yozishdan ko‘ra, inson bilan shaxsan gaplashish naqadar yoqimli! Kelajakda Najotkorni hozirgidek imon ko‘zlari bilan emas, balki yuzma-yuz ko‘rish esa bundan-da ajoyibroq bo‘ladi! O‘shanda quvonchimiz chinakam to‘liq bo‘ladi!

13-oyat. Shunday qilib, Yuhanno maktubini quyidagi so‘zlar bilan yakunlaydi: “Tanlangan opangning farzandlari senga salom yo‘llashyapti”. Biz ularning kimligini bilmaymiz, lekin bir kun kelib ular bilan uchrashamiz va ular bilan, bu maktubni yozgan sevikli havori Yuhanno bilan, eng asosiysi esa Najotkorning O‘zi bilan suhbat qurishdan bahramand bo‘lamiz. Omin.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Xudo tanlab olgan aziz xonim va uning bolalariga men — oqsoqoldan salom! Men sizlarni chin dildan yaxshi ko‘raman, mengina emas, haqiqatni bilib olganlarning hammasi sizlarni yaxshi ko‘radi.
2 Bu sevgiga dilimizdan joy olgan va to abad biz bilan bo‘ladigan haqiqat asos bo‘ldi.
3 Biz haqiqat va sevgi bo‘yicha yashar ekanmiz, Otamiz Xudo va Otamizning O‘g‘li — Iso Masih beradigan inoyat, marhamat va tinchlik doim bizga yor bo‘ladi.
4 Hurmatli xonim, farzandlaringizning bir nechtasi Otamiz Xudoning bizga bergan amrini bajarib, haqiqat yo‘lida yurayotgan ekanlar. Men bundan g‘oyat xursand bo‘ldim.
5 Sizdan bir iltimosim bor, bir–birimizni yaxshi ko‘raylik. Sizga yangi amrni yozayotganim yo‘q, bu amr bizga boshidan berilgan.
6 Sevgi — biz Xudoning amrlariga amal qilishimizdan iborat. Sizlar bu amrni boshidan eshitgansizlar va unga amal qilib yashashingiz kerak.
7 Bularni yodingizda tutinglar, chunki dunyoda yolg‘onchilar ko‘payib ketgan. Iso Masih inson bo‘lib kelganini ular tan olmaydilar. Ularning har biri yolg‘onchi va Masihning dushmanidir!
8 Shunday ekan, ogoh bo‘linglar! Mukofotingizni to‘liq olish uchun, Masihga bo‘lgan haqiqiy imoningizni mahkam tutinglar.
9 Masih ta’limotini ortda qoldirib, o‘zicha “jadallab ketgan” odamda Xudo yo‘q. Masih ta’limoti bo‘yicha yashagan odamda esa Ota ham, O‘g‘il ham bor.
10 Agar biror kishi oldingizga kelib, sizlarga boshqacha ta’limotni o‘rgatsa, uni uyingizga kiritmanglar, taklif ham qilmanglar.
11 Agar uni taklif qiladigan bo‘lsangiz, uning yomon ishlariga sherik bo‘lgan hisoblanasiz.
12 Sizlarga aytadigan gapim ko‘p, ammo bularni siyoh bilan qog‘ozga yozishni istamadim. Undan ko‘ra oldingizga borib, sizlar bilan yuzma–yuz gaplashaman, deb umid qilaman. Shunda shodligimiz tugal bo‘ladi.
13 Xudo tanlab olgan aziz singlingizning bolalari sizlarga salom yo‘llashyapti.
  • Kirish
  • 1