7:1−8 Nutqning birinchi qismi bizni qadimgi yahudiy millatining ildizlariga qaytaradi. Stefanga Ibrohimning tarixiga chuqur nazar solish nima uchun kerak bo‘lgani aniq emas, ammo quyidagi izohlar bo‘lishi mumkin:
1. Bunday tarixiy sharh Stefanning tarixdan xabardorligi va Isroil xalqiga bo‘lgan muhabbatini ko‘rsatish uchun zarur edi.
2. U tinglovchilarni asta-sekin Yusuf va Muso hikoyasiga olib bordi, bu ikkala holatda ham Masihni rad etish bilan o‘xshashlik mavjud edi.
3. Bu hikoya Ibrohimning ibodati Xudoga ma’qul bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin edi, garchi u ma’lum bir joyda amalga oshirilmagan bo‘lsa ham. (Stefanni ma’badga - "bu muqaddas joyga" qarshi chiqqanlikda ayblashgan.)
Ibrohimning hayotidagi asosiy voqealar quyidagilar:
1. Xudo unga Mesopotamiyada zohir bo‘ldi (2-3-oyatlar).
2. U Xarronga, so‘ngra Kan’onga ko‘chib o‘tdi (4-oyat).
3. Xudo Ibrohimga yerni mulk qilib berishni va’da qilgan, garchi patriarxning o‘zi bir qarich yerga ham ega bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu Maxpela g‘orini dafn etish joyi sifatida sotib olish zarurati bilan isbotlanadi (5-oyat). Bu va’daning bajarilishi hali kelajakning ishi (Ibr 11:13−40).
4. Xudo Isroilning Misr asirligi va keyinchalik ozod bo‘lishini bashorat qildi (6-7-oyatlar). Bu bashoratning ikkala qismini ham ilgari xalq tomonidan rad etilgan odamlar amalga oshirdilar: Yusuf (9-19-oyatlar) va Muso (20-36-oyatlar). 6-oyat va Ibtido 15:13da keltirilgan to‘rt yuz yil yahudiylar Misrda azob-uqubatlarga duchor bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Chiqish 12:40 va Galatiyaliklarga 3:17da ko‘rsatilgan to‘rt yuz o‘ttiz yil Yoqub va uning avlodlari Misrga ko‘chib o‘tganidan to qonun berilgunga qadar bo‘lgan butun davrni qamrab oladi. Misrda yashagan dastlabki o‘ttiz yil davomida isroilliklar ta’qib qilinmagan, aksincha, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan.
5. Xatna qilish ahdi (8-oyat).
6. Is’hoqning, keyin Yoqubning, so‘ngra o‘n ikki patriarxning tug‘ilishi (8-oyat). Shu tariqa hikoya Yoqubning o‘n ikki o‘g‘lidan biri bo‘lmish Yusuf haqidagi rivoyatga yaqinlashadi.
7:9−19 Eski Ahddagi Masihning barcha timsollari orasida Yusuf eng yorqin va eng sevimli obrazlardan biridir, garchi bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmasa ham. Shubhasiz, Stefanning nutqini eshitgan yahudiylar o‘zlarining aybdor ekanliklarini chuqur his qilishdi: u Yusufning hayotidagi ba’zi voqealarni eslatganida, ular Nosiralik Isoga nima qilganlarini eslashdi!
1. Yusuf aka-ukalari tomonidan Misrga sotildi (9-oyat).
2. Ular tomonidan rad etilgach, u Misrda hokimiyat va kuchga ega bo‘ldi (10-oyat).
3. Yusufning aka-ukalari ochlikdan Misrga keldilar, lekin uni tanimadilar (11-12-oyatlar).
4. Ikkinchi marta Yusuf ularga o‘zini tanitdi. Shunda rad etilgan odam o‘z urug‘ining xaloskoriga aylandi (13-14-oyatlar). E’tibor bering, yetmish besh jon (14-oyat) va yetmish (Ibtido 46:27) sonlari o‘rtasida ziddiyat mavjud. Stefan Yunon tiliga tarjima qilingan Ibtido 46:27 va Chiqish 1:5da keltirilgan yetmish besh soniga amal qilgan. Qadimgi ibroniy matnida esa yetmish soni ko‘rsatilgan. Farq faqat Yoqubning oilasini sanashning turli usullari bilan izohlanadi. "Ehtimol, asl matn ham, yunoncha matn ham to‘g‘ri:
Ikkinchisi Misrda tug‘ilgan Manashe va Efrayim o‘g‘illarini o‘z ichiga oladi (1Par 7:14−27), bu juda o‘rinli edi va bunday ro‘yxatlarda tez-tez uchraydi." (Kelly, Acts, p. 84.)
5. Patriarxlarning vafoti va ularning Kan’on yurtiga dafn etilishi (15-16-oyatlar). Bu oyatlar ham izohga muhtoj. Bu yerda Ibrohim qabrni Emmordan sotib olgani aytilgan. Ibtido (23:16−17)da aytilishicha, Ibrohim Xevrondagi Maxpela g‘orini Xet o‘g‘illaridan sotib olgan. Yoqub Shekemdagi yerni Emmor o‘g‘illaridan sotib oldi (Ibtido 33:19). Bir nechta ehtimoliy tushuntirishlar mavjud. (1) Ibrohim ham Shekemdan, ham Xevrondan yer sotib olgan. Keyinchalik Yoqub yana bir bor Shekemdan yer sotib olgan bo‘lishi mumkin. (2) Stefan Ibrohimning avlodi Yoqubni uning ismi bilan atagan. (3) Ehtimol, Stefan Ibrohim va Yoqubning bitimlarini qisqaroq qilib birlashtirgandir.
Misrda Yoqub oilasining ko‘payishi va Yusuf vafotidan keyin ularning qullikka tushishi (17-19-oyatlar). Shubhasiz, bu bizni Stefan nutqining keyingi qismiga, ya’ni Isroil xalqi Musoga nisbatan qanday yo‘l tutgani haqidagi hikoyaga tayyorlaydi.
7:20−43 Stefan zaharxandalik bilan shuni ko‘rsatadiki, Masihdan oldin yahudiy xalqi kamida ikki holatda Xudo ularni qutqarish uchun yuborgan xaloskorlarni rad etgan. Uning ikkinchi misoli - Muso.
Stefanni Musoni haqorat qilganlikda ayblashdi (6:11). U, Xudo tanlagan bu odamni rad etgan Isroil xalqi haqiqiy aybdor ekanini isbotlamoqda.
Stefan Muso hayotining asosiy lahzalarini eslatadi:
1. Tug‘ilishi, hayotining dastlabki yillari va Misrda tarbiyalanishi (20-22-oyatlar). "So‘zda kuchli" iborasi uning yozma asarlariga tegishli bo‘lishi mumkin, chunki u o‘zini notiq deb hisoblamagan (Chiqish 4:10).
2. Muso birinchi marta o‘z birodarlari tomonidan rad etiladi, u ulardan birini himoya qilib, misrlikni o‘ldiradi (23-28-oyatlar). 25-oyatga e’tibor bering. Unda Masihning o‘z qavmdoshlari tomonidan rad etilgani eslatib o‘tiladi!
3. Uning Madyan yeriga qochishi (29-oyat).
4. Xudo unga yonayotgan buta ichida zohir bo‘lib, O‘z xalqini qutqarish uchun Misrga qaytarib yuboradi (30-35-oyatlar).
5. Muso millatning xaloskoriga aylanadi (36-oyat).
6. Musoning kelajakdagi Masih haqidagi bashorati (37-oyat). "Menga o‘xshab" degani "Meni qanday tanlagan bo‘lsa" deganidir.
7. U sahrodagi jamoaga qonun beruvchi sifatida chiqadi (38-oyat).
8. Muso ikkinchi marta oltin buzoqqa sig‘ina boshlagan xalqi tomonidan rad etiladi (39−41-oyatlar). Isroilning butparastligi haqida 42 va 43-oyatlarda batafsil yozilgan. Xudoga qurbonlik keltiramiz deb, xalq qadimgi butparastlikning eng jirkanch shakllaridan biri bo‘lgan Molox chodirini qabul qildi va yulduzlar xudosi Remfanga sig‘indi. Xudo bu gunohlari uchun ularni Bobil asirligi jazosi kutayotganini ogohlantirgan edi. 42−43-oyatlarda Stefan Amos payg‘ambarning kitobini (5:25−27) Septuagintadan iqtibos keltiradi. Shuning uchun u asirlik "Damashqdan narida" emas, balki Bobildan narida bo‘lishini aytadi. Ikkala fikr ham, albatta, to‘g‘ri. Tarix takrorlanadi. Har bir yangi avlod bir xil xatolarga yo‘l qo‘yadi. Odamlar o‘zgarmaydi. Xudoning xabariga duch kelganda, ular uni tushunmaydilar (25-oyat). Ular tinch-totuv yashashga da’vatga quloq solishdan bosh tortadilar (39-oyat). Falokatdan xalos bo‘lgach, ular rahmdil Xudodan ko‘ra befoyda butlarni afzal ko‘radilar (41-oyat). Inson tabiati shunday - bo‘ysunmas, noshukur, andishasiz. Xudo o‘zgarmaydi. Muso bilan so‘zlashgan Xudo, bir vaqtlar uning ota-bobolari bilan so‘zlashgan Xudodir (32-oyat). Xudo odamlarning musibatini ko‘rib turadi. Va U ularga yordamga keladi (34-oyat). U O‘z xalqini o‘limdan hayotga olib chiqadi (36-oyat). Agar kimki o‘z ixtiyori bilan Uni rad etsa, U uning xohishiga bo‘ysunadi (42-oyat). Buyuk Parvardigorimiz ana shunday - mehribon, qudratli va muqaddas. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, U hech qachon o‘zgarmaydi (Malaki 3:6). Stefanning tinglovchilari uchun bu, Xudo bilan hazillashmaslik uchun ogohlantirish hamda Xudoning har bir va’dasi hamisha haqqoniy ekaniga ishontirish edi. (Muqaddas Kitob Uyushmasi kundalik izohlari, 31-may, 1969-yil).
7:44−46 Stefanni ibodatxonaga qarshi chiqqanlikda ayblashdi. U bu ayblovga Isroil xalqi sahroda guvohlik chodiri (palatka)ga ega bo‘lgan kunlarga murojaat qilib javob beradi. Aynan shu paytda xalq samoviy qo‘shinga ham sig‘inardi. Yoshua isroilliklarni Kan’on yeriga olib borganida va u yerda yashovchi majusiylar haydab chiqarilganda, chodir bu yerlarga ko‘chirildi va u Dovudning kunlarigacha o‘sha yerda qoldi. Ota-bobolar Yoqubning Xudosi uchun maskan topishni so‘rab iltijo qilishdi va shu tariqa Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lishdi.
7:47−50 Dovudning Xudoga ma’bad qurish istagi amalga oshmadi, Sulaymon esa Unga uy qurdi.
Garchi ma’bad Xudoning xalqi orasidagi qarorgohi bo‘lsa-da, Xudoni bu bino bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu haqda Sulaymon ma’badni muqaddaslashtirish paytida aniq aytgan (3-Shohlar 8:27). Ishayo payg‘ambar ham odamlarni Xudo binolarga emas, balki odamlarning axloqiy va ma’naviy holatiga e’tibor qaratishi haqida ogohlantirgan (Ishayo 66:1−2). U ezilgan va tavba qilgan qalbni, Uning Kalomi oldida titraydigan insonni izlaydi.
7:51−53 Yahudiy yetakchilari Stefanni qonunga qarshi chiqqanlikda aybladi. Endi u ularga qisqa va lo‘nda ayblov bilan javob beradi.
Aynan ular o‘jarlik qiluvchi, qalbi va qulog‘i sunnat qilinmagan kishilardir. U ularni Xudo tanlagan xalq deb emas, qalbi va qulog‘i sunnat qilinmagan o‘jar majusiylar deb biladi. Ular o‘z otalarining munosib o‘g‘illari bo‘lib, Muqaddas Ruhga doimo qarshilik ko‘rsatishardi. Ularning otalari Masihning kelishini bashorat qilgan payg‘ambarlarni quvg‘in qilishgan. Ular esa xiyonat qilib, bu Solihni o‘ldirishdi. Ular farishtalar xizmati orqali berilgan qonunni buzgan xalq edilar.
Boshqa gapning hojati yo‘q edi. Darhaqiqat, endi bunga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi. Ular Stefanni o‘zini himoya qilishga majbur qilishga urinishdi. Lekin u ayblovchiga, ular esa ayblanuvchilarga aylanib, aybdor deb topildilar. Uning nutqi, Xushxabar majusiylar orasida tarqala boshlashidan oldin, Xudoning Isroil xalqiga qilgan so‘nggi murojaatlaridan biri edi.
7:54−60 Stefan ochiq osmonni ko‘rayotganini aytishi bilanoq, olomon uni eshitishni to‘xtatdi. Ular g‘azab bilan baqirib, unga tashlandi, shahardan tashqariga sudrab chiqib, toshbo‘ron qila boshladi.
Xuddi shunchaki eslatib o‘tgandek, Ruh g‘azablangan jallodlarning kiyimlarini qo‘riqlayotgan yigitning ismini tilga oladi. Uning ismi Savl edi. Ruh go‘yo bizga: "Bu ismni eslab qoling. Uni hali ko‘p eshitasiz!" demoqchi edi.
Stefanning o‘limi Rabbimizning o‘limini eslatardi:
1. U: "Ey Rabbim Iso! Ruhimni qabul qil," deya ibodat qildi (59-oyat). Iso esa: "Ota! Ruhimni Sening qo‘llaringga topshiraman," deb iltijo qilgandi (Luqo 23:46).
2. U: "Rabbim! Bu gunohni ularga qo‘ymagin," deya iltijo qildi (60-oyat). Iso esa: "Ota! Ularni kechirgin, chunki ular nima qilayotganlarini bilmaydilar," deb ibodat qilgandi (Luqo 23:34). Bu Stefanning Rabbimizning ishiga sherik bo‘lish orqali "Rabbimiz Ruhidan kelgan ulug‘vorlikdan ulug‘vorlikka o‘zgarib borgani"ni (2 Korinfliklarga 3:18) anglatmaydimi?
So‘ng, ibodat qilib bo‘lgach, u uxlab qoldi. Yangi Ahdda "uxlash" so‘zi o‘limni anglatganda, u ruhga emas, balki tanaga nisbatan ishlatiladi. Imonlining ruhi o‘lim paytida Masihning huzuriga ketadi, tanasi esa uxlayotgandek tasavvur qilinadi.
Odatda yahudiylarga o‘lim jazosiga hukm chiqarishga ruxsat berilmasdi, bu Rim hukmdorlarining huquqi edi. Ammo, chamasi, ma’badga oid masalalarda istisno qilinardi. Stefan ma’badga qarshi gapirganlikda ayblanib, garchand bu ayblov asossiz bo‘lsa-da, yahudiylar tomonidan qatl etildi. Rabbimiz Isoni ham ma’badni buzib tashlash bilan tahdid qilganlikda ayblashgandi (Mark 14:58), biroq guvohlarning ko‘rsatmalari bir-biriga zid chiqib qolgandi.