Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Havoriylarning faoliyati: 19  Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o`zbek tilidagi sharhlari

19:1 Pavlus birinchi marta Efesga kelganida, u sinagogadagi yahudiylarga Xudo xohlasa qaytib kelishini va’da bergan edi. Bu va’dani bajarish uchun u Galatiya va Frigiya yerlaridan tog‘li hududlar orqali ichkariga yo‘l olib, prokonsul Osiyosining g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan Efesga bordi. U yerga yetib kelgach, o‘zlarini shogird deb ataydigan o‘n ikkita kishini uchratdi. Ular bilan suhbatlashgach, ularning masihiylik haqidagi bilimlari juda yuzaki va yetarli emasligini tushundi. Hatto ularga Muqaddas Ruh tushgan-tushmaganligini ham bilolmadi.

19:2 Shuning uchun u ulardan so‘radi: "Imon keltirgach, Muqaddas Ruhni qabul qildingizmi?" Qirol Yoqub Injilida bu savol shunday berilgan: "Imon keltirgandan beri Muqaddas Ruh sizlarga tushdimikin?" Bunday ta’rif Muqaddas Ruhning imonga kelishdan keyin tushishini noto‘g‘ri ifodalaydi.

Bu oyat Muqaddas Ruhni qabul qilish najotdan keyingi inoyat ishi ekanini anglatmaydi. Gunohkor Najotkorni imon bilan qabul qilishi bilanoq, Muqaddas Ruh unga tushadi.

Shogirdlar: "Biz hatto Muqaddas Ruh borligini ham eshitmaganmiz", deb javob berishdi. Yoki ASV tarjimasida aytilganidek: "Biz Muqaddas Ruh berilgani haqida ham eshitmaganmiz". Bu odamlar Yahyo payg‘ambarning shogirdlari bo‘lgani uchun, ular Muqaddas Ruhning mavjudligini Eski Ahddan bilishlari kerak edi. Bundan tashqari, Yahyo o‘z izdoshlariga undan keyin Keladigan Zot ularni Muqaddas Ruh bilan cho‘qintirishini o‘rgatgan edi. Bu shogirdlar bilmagan narsa shuki, Muqaddas Ruh Hosil bayramida allaqachon berilgan edi.

19:3−4 Havoriy suvga cho‘mish haqida so‘raganda, bu odamlar faqat Yahyoning suvga cho‘mdirishini bilishlarini aniqladi. Boshqacha aytganda, ular faqat Masihning kelishi yaqinlashganini bilishardi va tavba belgisi sifatida Uning Shoh bo‘lib kelishiga tayyorgarlik ko‘rib, suvga cho‘mgandilar. Ular Masihning o‘lgani, dafn etilgani, tirilgani, osmonga ko‘tarilgani va Muqaddas Ruhni yuborganini bilmas edilar. Pavlus bularning hammasini ularga tushuntirdi. U, Yahyo tavba uchun suvga cho‘mdirganda, ularni Iso Masihga ishonishga undaganini eslatdi.

19:5 Buni eshitgach, ular Rabbimiz Iso nomi bilan suvga cho‘mdirildilar. Havoriylarning faoliyati kitobida Isoning hokimiyatiga alohida urg‘u berilgan. Shu bois, bu yerda ham Yahyoning shogirdlari Iso Masihga ishonganliklarini va hayotlarini Rabbimiz (Yegova) sifatida Unga bo‘ysundirganliklarini oshkora e’tirof etib, Rabbimiz Isoga itoat etgan holda suvga cho‘mdilar.

19:6−7 So‘ng Pavlus ularga qo‘llarini qo‘ydi va ular Muqaddas Ruhni qabul qilishdi. Bu Havoriylar kitobida tasvirlangan Muqaddas Ruhning tushishining to‘rtinchi holatidir. Birinchi holat ikkinchi bobda keltirilgan bo‘lib, Hosil bayramida Ruh avval yahudiylarga tushgan. Ikkinchi holat sakkizinchi bobda tasvirlangan bo‘lib, unda samariyaliklarga Butrus va Yuhannoning qo‘llari orqali Muqaddas Ruh berilgan. Uchinchi holat esa Yafodagi g‘ayriyahudiy Korniliy xonadoniga Ruhning tushishi edi. Ilgari ta’kidlaganimizdek, Muqaddas Ruhni qabul qilishdan oldingi voqealar tartibi har bir holatda turlicha bo‘lgan.

Bu yerda, 19-bobda, tartib quyidagicha:

1. Ular imon keltirdilar.

2. Ular qaytadan suvga cho‘mdirildilar.

3. Havoriy ularga qo‘llarini qo‘ydi.

4. Ular Muqaddas Ruhni qabul qildilar.

Pavlusning qo‘llarini qo‘yishi orqali Yahyoning shogirdlarini Muqaddas Ruh bilan to‘ldirib, Rabbimiz keyinchalik Pavlus Butrus, Yuhanno yoki boshqa havoriylardan past, degan taxminlar paydo bo‘lishi mumkinligini oldindan bartaraf etdi.

Yahyoning shogirdlariga Muqaddas Ruh tushgach, ular boshqa tillarda gapira boshladilar va bashorat qildilar. Bunday g‘ayritabiiy qobiliyatlarni berish orqali Xudo hali Yangi Ahd yozilmagan paytlarda ish ko‘rgan. Bugungi kunda esa, imonga kelganimizda Muqaddas Ruh tushganini belgilar va mo‘jizalar yoki hissiyotlar emas, balki Yangi Ahd vahiysi tasdiqlaydi.

Rabbimiz Iso Masihga ishongan odamni Muqaddas Ruh tark etmaydi; u Muqaddas Ruh bilan muhrlanadi; Ruhning kafolatini oladi; Muqaddas Ruh bilan moylanadi; va Ruh tomonidan Masihning tanasiga kiritiladi. Biroq, bu mo‘min kishining hayotida Muqaddas Ruh keyinchalik ham to‘ldirishini inkor etmaydi. Muqaddas Ruh ko‘pincha alohida odamlarga tushib, ularni maxsus xizmat uchun kuch bilan to‘ldirishi, imonda buyuk jasorat va halok bo‘layotgan jonlarga alohida rahm-shafqat ato etishini tan olish lozim.

19:8 Pavlus uch oy davomida Efesdagi ibodatxonaga kelib, Xudoning Shohligi haqida suhbatlashdi va uni tasdiqladi. "Suhbatlashib" - odamlarning ongiga murojaat qildi. "Tasdiqlash" orqali ularning irodasiga ta’sir qilib, Iso Masihni qabul qilishga ishontirmoqchi bo‘ldi. Uning nutqlari mavzusi Xudoning Shohligi edi. K. E. Styuart shunday tushuntiradi:

"Shuni ta’kidlash kerakki, u Shohlik haqidagi Xushxabarni va’z qilmagan: bu o‘sha davrda noo‘rin bo‘lardi. Bu haqda Rabbimiz bashorat qilgan edi. Biroq Uning o‘limi bilan bu va’z to‘xtatildi va kelajakda yana davom ettiriladi (Matto 24:14; Vahiy 14:6-7). Pavlus esa hozir yer yuzida mavjud bo‘lgan Xudoning Shohligi haqida gapirgan". (Stuart, Tracings, 285.)

19:9-10 Yahudiylarning ba’zilari qaysarlik qilib (o‘z aqllari bilan), itoatsizlik ko‘rsatib (o‘z irodalari bilan), xalqni Xudoning yo‘liga qarshi qo‘zg‘ata boshlaganlari sababli, Pavlus ibodatxonani tark etib, o‘z shogirdlarini mahalliy yahudiylardan ajratdi. Ularni har kuni bemalol ta’lim berishi mumkin bo‘lgan Tiran maktabiga olib bordi. Tiranni falsafa yoki notiqlik san’ati bo‘yicha dars bergan yunon deb hisoblash qabul qilingan. Taxminan ikki yil davomida havoriy shogirdlarni tayyorlab, ularni boshqalarga va’z qilishga yubordi. Natijada butun Osiyoda yahudiylar ham, yunonlar ham Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitdilar. Shunday qilib, Pavlus uchun katta va keng imkoniyat eshigi ochildi, garchi uning ko‘plab raqiblari bo‘lsa ham (1 Korinfliklar 16:9).

19:11-12 Iso Masihning havoriysi sifatida Pavlus mo‘jizalar va alomatlar ko‘rsata olardi. Bular uning havoriyligini isbotlab, va’zini tasdiqlar edi. Undan taralayotgan qudrat shu qadar kuchli ediki, hatto u tegib ketgan ro‘molcha va belbog‘lar bemorlar yoki jin chalganlar ustiga qo‘yilganda, ular shifo topardi. Bu mo‘jizalar bugun ham takrorlanishi mumkinmi, degan savol tug‘iladi. Xudoning Muqaddas Ruhi qudratli bo‘lib, Uning irodasi bo‘yicha hamma narsani qila oladi. Ammo shuni e’tirof etish kerakki, havoriylarga va ularning hamkorlariga g‘ayritabiiy qobiliyatlar berilgan edi. Hozir bizda tom ma’nodagi havoriylar yo‘q ekan, ular ko‘rsatgan mo‘jizalarni har doim takrorlash mumkin, deb ta’kidlash o‘rinsiz.

19:13-14 Parvardigor qudratli amal qilayotgan joyda, shayton doimo Unga qarshilik ko‘rsatish va xalaqit berish uchun yaqin atrofda bo‘ladi. Pavlus Efesda va’z qilib, mo‘jizalar ko‘rsatayotgan paytda, u yerda bir nechta daydi yahudiy afsungarlar bor edi. Bu odamlar yovuz ruhlarga (sehrli formula sifatida Rabbimiz Isoning ismidan foydalanib) jinlangan odamlardan chiqishni buyurishardi. Ba’zi yahudiylar haqiqatan ham jinlarni haydash qobiliyatiga ega ekanligini Rabbimiz Isoning O‘zi tan olgan (Luqo 11:19).

Bu bilan shug‘ullangan yahudiy sehrgarlari orasida Skevaning yetti o‘g‘li ham bor edi. Bu odam oliy ruhoniy yoki yigirma to‘rtta ruhoniylik navbatiga mas’ul bo‘lgan ruhoniy etib tayinlangan edi. Bir kuni uning o‘g‘illari jinni odamdan yovuz ruhni quvib chiqarmoqchi bo‘lishdi. Ular iblisga: "Pavlus va’z qilayotgan Iso nomi bilan senga buyruq beramiz", deyishdi.

19:15-16 Ular bu so‘zlarni aytishdi, ammo ularning tegishli hokimiyati yo‘q edi va shayton ularga bo‘ysunmadi. Yovuz ruhning javobi nihoyatda ibratli edi. U: "Men Isoni bilaman, Pavlusni ham bilaman. Sizlar kimsizlar?" dedi.

Bu borada F. B. Meyerning qiziqarli izohidan iqtibos keltirish o‘rinli:

"Skevaning o‘g‘illari iblisga hujum qilganlarida, u ularga o‘girilib shunday dedi: "Siz mittilar, siz liliputlar, siz kimsizlar? Pavlusni bilaman! Sizlarni bilmayman. Men sizlar haqingizda hech qachon eshitmaganman, do‘zaxda sizlarning nomingiz hech qachon tilga olinmagan. Sizlarni Efes degan kichik shahardan tashqarida hech kim bilmaydi, hatto eshitmagan ham". Bugun ham shu savol oldimda turibdi: "Do‘zaxda meni bilisharmikin?" Shaytonlar biz haqimizda bilishadimi? Bizdan qo‘rqishadimi? Umuman, ular bizni payqashadimi? Yakshanba kuni va’z qilganimizda, ko‘chada suhbatlashganimizda yoki yakshanba maktabida dars berganimizda, shayton: "Men sizlarni tanimayman. Sizlarga e’tibor berishga arzimaysizlar; ishingizni davom ettirishingiz mumkin. Men sizlarni to‘xtatish uchun do‘zaxni ag‘dar-to‘ntar qilmoqchi emasman", deydi". (F.B. Meyer, W.H. Aldis, The Keswick Convention 1934 dan iqtibos keltirilgan, 60-bet.)

E’tibor bering, Muqaddas Kitobda yovuz ruh (15-oyat) va unga chalingan odam (16-oyat) o‘rtasida qanday farq ko‘rsatilgan. 15-oyatda jin gapirgan. Ammo 16-oyatda jin chalgan odamning o‘zi Skevaning o‘g‘illariga tashlanib, ularni mag‘lub etdi, kiyimlarini yirtib tashladi va kaltakladi.

19:17 Shayton kuchlarining bu mag‘lubiyati haqidagi xabar butun atrofga tarqalib, barcha odamlarni vahimali qo‘rquv qamrab oldi va Rabbimiz Isoning ismi ulug‘landi. Pavlusning emas, balki uning Najotkorining nomi mashhur bo‘ldi.

19:18−19 Xudoning Ruhi sehrgarlik bilan shug‘ullanuvchilarga shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatdiki, ularning ko‘pchiligi Masihga yuzlanib, o‘z qilmishlarini e’tirof etdi. Shunday qilib, ular o‘z imonlarini omma oldida namoyon etib, sehr-jodu haqidagi kitoblarini to‘plab, katta gulxanda yoqib yubordilar. Bu kitoblarning umumiy qiymati ellik ming dirham edi. Bu summaning hozirgi dollar qiymatini aniq aytish qiyin, balki sakkiz mingdan o‘n ming dollargacha bo‘lishi mumkin.

19:20 Butparastlik urf-odatlaridan bunday ommaviy voz kechish Rabbimiz Kalomining kuch-qudrati oshib, g‘alaba qilishiga olib keldi. Ehtimol, hozirgi masihiylar o‘zlariga tegishli bo‘lgan saviyasi past kitob va jurnallarni yoqib yuborsa, Kalom yanada ko‘proq g‘alaba qozingan bo‘lardi.

19:21 Pavlusning Efesda o‘tkazmoqchi bo‘lgan vaqti tugagach, u yana Makedoniya va Axaya orqali Quddusga borishga, so‘ngra Rimni ham ko‘rishga qaror qildi. Uning muhabbat va rahm-shafqatga to‘la buyuk qalbi doimo o‘z yordamiga muhtoj bo‘lgan joylarga, Xushxabarni qayerga yetkazish va u qayerdan tarqalishi mumkin bo‘lsa, o‘sha yerlarga intilardi.

19:22 U Timo‘tiy va Erastni Makedoniyaga jo‘natdi, o‘zi esa Osiyoda bir oz ushlanib qoldi. Ehtimol, aynan o‘sha paytda u Korinfliklarga birinchi maktubini yozgan (milodiy 56-yil atrofida).

19:23−27 Pavlusning xizmati tufayli ko‘plab efesliklar o‘zlarining butparast xudolaridan yuz o‘girib, Rabbga yuzlandi. Shaharda ruhiy uyg‘onish shunchalik keng tarqaldiki, natijada but yasovchi hunarmandlar mahsulotlariga talab keskin pasayib ketdi. "Jabrlangan"lardan biri kumushsoz Dimitriy edi. U Artemida (Diana)ning kumush ibodatxonalarini yasardi. Hunarmandchilik vakili sifatida Dimitriy barcha usta hamkasblarini to‘plab, ularni qat’iy choralar ko‘rishga undadi. U Pavlus ko‘plab odamlarni inson qo‘li bilan yasalgan xudolar mavjud emasligiga ishontirib ulgurganini eslatdi. Dimitriy bu hunarmandchilikka tahdid solayotganini aytganda, o‘zining asl niyatlarini oshkor qildi, biroq nutqiga diniy tus berishga urinib, o‘zini Artemida va uning ma’badini juda hurmat qilayotgandek ko‘rsatishga harakat qildi.

19:28−31 Kumushsozlarning yig‘ilishi tez orada butun shaharni qamrab olgan ommaviy tartibsizliklarga aylandi. "Efeslik buyuk Artemida!" deya hayqirgan olomon tomoshagohga (arena yoki kolizeyga) yopirilib, Pavlusning hamrohlaridan ikkitasi - Gayus va Aristarxni ushlab oldi, chamasi, ularni o‘ldirmoqchi edi. Pavlus olomonga aralashib, ular bilan gaplashmoqchi bo‘lganida, shogirdlari va ba’zi Osiyolik boshliqlar (o‘z hisobidan xudolar sharafiga bayramlar uyushtiradigan, shaharliklar tomonidan saylanadigan amaldorlar - asiarxlar) bunga yo‘l qo‘yishmadi. Pavlusga xayrixoh bo‘lgan bu shahar faxriylari uni maydonga chiqish mutlaqo xavfli ekanligiga ishontirishdi.

19:32 Shu orada olomon butunlay boshqarib bo‘lmaydigan holga keldi. Ko‘pchilik bu yerga nima uchun kelib qolganini ham bilmasdi. Hamma yoqda bir-biriga zid qichqiriqlar eshitilardi.

19:33−34 Aleksandr ismli yahudiy chiqib, olomonga murojaat qilmoqchi bo‘ldi. Shubhasiz, u yahudiylarni himoya qilib, ularning bu voqealarga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytmoqchi edi. Uning yahudiy ekanini bilgan xaloyiq shovqin-suron ko‘tarib, gapirishiga yo‘l qo‘ymadi. Ikki soatcha davomida ular: "Efeslik buyuk Artemida!" deya baqirib-chaqirishdi.

19:35 Mana shunday tang vaziyatda shahar kotibi xalqni tinchlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning nutqi unchalik ishonchli bo‘lmasa-da, kerakli natijaga olib keldi. Aslida, u efesliklarga xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligini uqtirdi. Axir, Efes shahri buyuk ma’buda Artemidaning xizmatkori etib tanlanganini hamma bilardi-ku. Artemida ibodatxonasiga egalik qilish huquqi Osiyoning o‘n uchta shahri tomonidan da’vo qilingan bo‘lsa-da, bu ibodatxonani qo‘riqlash va osmondan tushgan deb hisoblangan Artemida haykalini - Diopetni (so‘zma-so‘z "osmondan tushgan") saqlash sharafi aynan Efesga nasib etgandi.

19:36−40 Hech kim ularning diniy asoslariga daxl qilmasligini va Artemida e’tiqodini hech kim hech qachon yo‘q qila olmasligini ta’kidlab, u odamlarga bunday shovqin-suron ko‘tarish ular tomonidan ehtiyotsizlik ekanligini aytdi. Axir, ular qarshi chiqqan odamlar ma’badni talamagan va Artemidani haqoratlamagan edi. Agar Dimitriy va u bilan birga bo‘lgan boshqa hunarmandlarning asosli shikoyati bo‘lsa, ular oddiy sud majlisiga murojaat qilishlari mumkin, u yerda prokonsullar ularni tinglashga tayyor. Agar ular boshqa masalani muhokama qilmoqchi bo‘lsa, har doim qonuniy yig‘ilish o‘tkazish imkoniyati bor. Ular esa tartibsiz olomon kabi to‘planishgandi. Rim imperiyasi ma’murlari bunday hodisalarni sira ma’qullamasdi. Agar ularni bu ommaviy chiqish uchun javobgarlikka tortishsa, o‘zlarini oqlay olmasliklari aniq edi. Shahar kotibi, shuningdek, agar qo‘zg‘olon haqidagi xabar Rimga yetib borsa, uning lavozimi, ehtimol hayoti ham xavf ostida qolishini yaxshi bilardi.

Bu vaqtga kelib olomon tinchlanib, odamlar shoshilinch ravishda uylariga tarqaldi.

G‘alati bo‘lsa-da, Pavlusning Efesdagi xizmatiga tartibsizliklar emas, balki osoyishtalikni tiklash uchun tartib qo‘riqchisining harakatlari chek qo‘ydi. Garchi Efesda uning ko‘plab raqiblari bo‘lsa-da, qarshilik "sog‘lom" xususiyatga ega bo‘lguncha, Pavlus bu yerda o‘zi uchun "katta va keng eshik ochilganini" his qildi (1Kor 16:8-9). Ammo, chamasi, shahar hokimiyatining homiyligini qabul qilishga majbur bo‘lgach, u Efesni tark etib, yo‘lida davom etdi. ("Tanlangan asarlar")

"Yig‘ilish" so‘zi (32, 39, 40-oyatlar) yunoncha "ekklesia" deb tarjima qilingan bo‘lib, "chaqirilgan yig‘ilish" ma’nosini anglatadi. Yangi Ahdning boshqa joylarida bu so‘z "cherkov" deb tarjima qilinadi. Yunoncha so‘z bu yerdagi kabi majusiylar to‘dasini, Havoriylar 7:38 dagi kabi Isroil xalqini yoki Yangi Ahddagi Cherkovni anglatishini faqat matndan aniqlash mumkin. "Jamoat" so‘zi "cherkov"dan ko‘ra "ekklesia" so‘zining yaxshiroq tarjimasidir. "Cherkov" so‘zi yunoncha "Rabbga tegishli" ma’nosini anglatuvchi so‘zdan kelib chiqqan (kuriake, qiyoslang: nemischa Kirche, shotlandcha Kirk, inglizcha church). Hozirda bu so‘z odatda ibodatxona, diniy inshootni nazarda tutadi. Shu sababli ko‘plab masihiylar "jamoat" so‘zini ishlatishni ma’qul ko‘radilar; bu Cherkov avvalo bino yoki hatto mazhab emas, balki birgalikda to‘planadigan odamlar guruhi ekanligini aks ettiradi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Apollos Korinfda ekan, Pavlus qirlar bo‘ylab yo‘l yurib, Efesga keldi. Bu yerda u bir necha imonli birodarni topdi.
2 Pavlus ulardan: “Imonga kelganlaringizda, Muqaddas Ruhni qabul qildingizlarmi?” deb so‘radi. Ular: “Yo‘q, biz MuqaddasRuh borligini hatto eshitmaganmiz”, deb javob berdilar.
3 “Unday bo‘lsa, qay asosda suvga cho‘mdirildingizlar?” deb so‘radi Pavlus. “Yahyoning ta’limotiga ko‘ra suvga cho‘mdirildik”, deb javob berdi ular.
4 Shunda Pavlus dedi: — Yahyo tavba qilganlarni suvga cho‘mdirar edi. U Isroil xalqiga, mendan keyin kelayotganga, ya’ni Isoga, imon keltiringlar, degan edi.
5 Ular bu gapni eshitib, Rabbimiz Isoning nomidan suvga cho‘mdirildilar.
6 Pavlus ularga qo‘lini qo‘ygan edi, Muqaddas Ruh ularni qamrab oldi. Ular boshqa tillarda gapirib, bashorat qila boshladilar.
7 Ularning hammasi taxminan o‘n ikki kishi edi.
8 Pavlus sinagogaga uch oy davomida borib, jasorat bilan xalqqa gapirib, Xudoning Shohligi to‘g‘risida ishonchli dalillar keltirdi.
9 Ammo ba’zilari ishonishni rad qildilar va hammaning oldida Isoning yo‘li to‘g‘risida yomon gaplarni aytdilar. Pavlus yoniga imonlilarni olib, ularning huzuridan ketdi. Har kuni u Tiran degan odamning ma’ruza zalida munozara o‘tkazadigan bo‘ldi.
10 Bu holat ikki yil davom etdi, Asiya aholisining hammasi — yahudiylar ham, yunonlar ham Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitishdi.
11 Xudo Pavlus orqali g‘aroyib mo‘jizalar ko‘rsatar edi.
12 Pavlusning tanasiga tekkan ro‘molcha yoki kiyimlar xastalarga tekkizilganda, ular xastaliklaridan shifo topar, ulardan yovuz ruhlar chiqib ketardi.
13 14Skeva degan bir yahudiy bosh ruhoniyning yetti o‘g‘li bor edi. Ular o‘lka bo‘ylab kezib, odamlardan yovuz ruhlarni quvib chiqarar edilar. Bir kuni ular Rabbimiz Isoning nomi bilan shunday qilishga urinib, yovuz ruhga: “Pavlus e’lon qilayotgan Iso nomi bilan buyuramiz: chiqib ket!” dedilar.
14 -
15 Yovuz ruh esa ularga: “Men Isoni bilaman, Pavlusni ham bilaman, sizlar esa kim bo‘libsizlar?” deb so‘radi.
16 Ichida yovuz ruhi bor odam ularga tashlandi. Ularni shu qadar qattiq urdiki, ular o‘sha uydan yalang‘och, yarador holda zo‘rg‘a qochib qutuldilar.
17 Efesda yashagan yahudiy va yunonlarning hammasi bu voqeani eshitib, qo‘rquvga tushdilar. Rabbimiz Isoning nomi ulug‘landi.
18 Shuningdek, imonga kelganlarning ko‘pchiligi qilmishlarini ochiqchasiga e’tirof etdilar.
19 Afsungarlik bilan mashg‘ul bo‘lganlarning bir qanchasi kitoblarini to‘plab, ommaning ko‘zi oldida yoqib yubordilar. Bu kitoblarning qiymati hisoblanganda, ellik ming kumush tanga chiqdi.
20 Shu tariqa Rabbimiz haqidagi xabar yoyilib, kuch–qudrati ortib boraverdi.
21 Shu hodisalar yuz bergandan keyin, Pavlus Makedoniya va Axayadan o‘tib, Quddusga borishni qaror qildi. “U yerga borganimdan keyin, Rimni ham ko‘rishim kerak”, dedi u.
22 Shunday qilib, u ikki yordamchisi — Timo‘tiy bilan Erastni Makedoniyaga yubordi. Pavlusning o‘zi esa ma’lum vaqt Asiya viloyatida qoldi.
23 Ammo o‘sha paytda Isoning yo‘liga qarshi qattiq g‘ala–g‘ovur bo‘ldi.
24 Dimitriy degan bir zargar odam Artemidaning ma’badi tasvirini kumushdan yasab, hunarmandlarga ko‘p foyda keltirardi.
25 Dimitriy bu sohada ishlaydigan hamma hunarmandlarni chaqirib, shunday dedi: — Birodarlar, bilasizlarki, biz shu hunar orqali yaxshi daromad olamiz.
26 Sizlar faqat Efesdagina emas, balki butun Asiya viloyatida Pavlus degan odamning qilayotganlarini ko‘rib, eshityapsizlar. Pavlusning aytishi bo‘yicha, qo‘lda yasalgan xudolar aslo xudolar emasmish. U ko‘pchilikni shunga ishontirib, yo‘ldan uryapti.
27 Shunisi xavfliki, bizning bu hunarimiz xalqning nazaridan qolishi mumkin. Faqat shugina emas, balki boshqa xavf ham bor: buyuk Artemidaning ma’badi hech narsaga arzimas ekan, degan fikrga olib keladi, bu ma’budaning ulug‘vorligi barham topadi. Axir, unga Asiya viloyatidagi va butun dunyodagi hamma odam topinadi–ku!”
28 Hunarmandlar bu gapni eshitganlarida, g‘azablanib: “Efesning Artemidasi buyukdir!” deb shovqin–suron ko‘tardilar.
29 Shaharda to‘s– to‘polon boshlandi. Xalq ikkita Makedoniyalikni — Gay bilan Aristarxni tutib olib, teatr tomonga shoshildilar. Ikkalovi Pavlusga yo‘lda hamroh bo‘lib kelayotgan edilar.
30 Pavlus olomon oldiga chiqmoqchi bo‘lgan edi, imonlilar yo‘l qo‘ymadilar.
31 Hatto Pavlusning do‘stlari bo‘lgan Asiya viloyatining ba’zi amaldorlari xabar berib, teatrga kirishga tavakkal qilmang, deb iltimos qildilar.
32 Olomon sarosimaga tushgan edi. Ba’zilari bir narsa deb shovqin solsa, boshqalari boshqa narsani aytib shovqin solardi. Ularning ko‘pchiligi nima uchun yig‘ilganini bilmasdi.
33 Yahudiylar olomonga vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘lib, Iskandar degan bir odamni oldinga chiqardilar. Iskandar qo‘li bilan olomonga, jim bo‘linglar, degan ishorani qilib, himoya nutqini aytishga harakat qildi.
34 Ammo xalq uning yahudiy ekanini bilgach, hammalari jo‘r bo‘lib: “Efesliklarning Artemidasi buyukdir!” deb ikki soatga yaqin baqirib turishdi.
35 Ammo shahar kotibi olomonni tinchlantirgach, shunday dedi: — Ey Efesliklar! Buyuk Artemida ma’badining va osmondan tushgan haykalining saqlovchisi Efes shahri ekanini kim bilmaydi?!
36 Bularni hech kim inkor eta olmaydi. Shunday ekan, sizlar sukut saqlab, o‘ylamasdan qadam bosmasligingiz kerak.
37 Bu odamlar ma’badni talon–taroj qilmagan yoki ma’budamizni haqorat qilmagan, sizlar esa ularni bu yerga olib kelibsizlar.
38 Agar Dimitriy bilan uning hunarmandlari biron odamni ayblaydigan bo‘lsa, mahkamalar ochiq, qozilar bor, bir–biriga qarshi ayblovlarni o‘sha yerda hukm qilishsin.
39 Agar boshqa bir chora ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, u aholining qonuniy yig‘inida hal qilinadi.
40 Axir, bugun yuz bergan voqeadan keyin bizni isyonda ayblashlari mumkin. Bizda bu shovqin–suronni oqlaydigan biron sabab yo‘q. U shu gaplarni aytib, olomonni tarqatib yubordi.
  • Kirish
  • More pages
  • 18
  • 19
  • 20
  • More pages
  • 28