Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Havoriylarning faoliyati: 18  Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o`zbek tilidagi sharhlari

18:1 Ba’zilar Pavlusning Afinani tark etishini va’zxonlik faoliyatining kamtarona natijalari tufayli deb hisoblashadi. Biz esa Muqaddas Ruh uni g‘arbga yo‘naltirib, AXAYYA poytaxti KORINFga olib kelgan, deb o‘ylaymiz. Axloqsizligi bilan mashhur bo‘lgan bu shahar Injil va’zini eshitishga hamda cherkov barpo etilishiga muhtoj edi.

18:2−3 Korinfda Pavlus Akila va Priskilla ismli er-xotin bilan tanishdi. Ular bilan do‘stligi umrining oxirigacha davom etdi. Akila Kichik Osiyoning shimoli-sharqiy viloyati Pontdan kelgan yahudiy edi. U xotini bilan Rimda yashagan, ammo imperator Klavdiyning yahudiylarni haydash to‘g‘risidagi farmoniga ko‘ra u yerdan quvilgan edi. Korinf Rimdan sharqqa boradigan asosiy yo‘l ustida joylashgani bois, ular bu yerda to‘xtab, chodir tikish ustaxonasini ochishdi. Pavlus ham bu hunarni bilgani uchun ular bilan tanishib qoldi.

"Hayotdagi eng go‘zal vahiylar bizga kundalik mehnatda bo‘lganimizda keladi. Peshona teri bilan non topganingda, og‘ir mehnat paytida baraka topasan va tasalli beruvchi tushlar ko‘rasan... Ustaxona, idora yoki omborxona Xudoning uyiga o‘xshashi mumkin. O‘z sohangda ishlayver va astoydil mehnat qil: bu mehnatlaring davomida Akila va Priskilla singari o‘zingga ruhan yaqin do‘stlar orttirishing mumkin." (Dinsdale T. Young, Neglected People of the Bible, 232-233-betlar.)

Hikoyadan Akila va Priskilla Pavlus bilan tanishganida masihiy bo‘lganmi yoki uning xizmati natijasida imon keltirganmi, aniq emas. Ehtimol, ular Korinfga kelganlarida allaqachon masihiy bo‘lgan, degan fikr to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

18:4 Pavlus har shanba kuni ibodatxonada so‘zga chiqib, yahudiylarga va majusiylarga Iso chindan ham Xudoning Masihi ekanligini tushuntirardi.

18:5 Pavlus Afinaga ketayotib, Sila va Timo‘tiyni Veriyada qoldirgan edi. U Afinadan ularga o‘ziga qo‘shilish haqida xabar yubordi. Ular Korinfda unga yetib olishdi.

Ular kelgach, Pavlus ruhan majbur bo‘ldi, ya’ni Rabbimiz unga yahudiylarga Iso Masih ekanligi haqida yanada g‘ayrat bilan guvohlik berish vazifasini yukladi. Ehtimol, havoriy endi chodir tikishga vaqt ajratmay, butunlay Injilni va’z qilishga kirishgandir.

Taxminan shu paytda Pavlus Salonikaliklarga birinchi maktubini yozgan (milodiy 52-yil atrofida).

18:6 Ishonmagan yahudiylar Pavlusga qarshilik ko‘rsatib, uni haqorat qila boshladilar. Xushxabarni rad etish, oxir-oqibat o‘z-o‘ziga qarshi chiqish demakdir. Kofir o‘ziga qilganchalik hech kimga zarar yetkazmaydi.

Pavlus kiyimlarini qoqib, ularga dedi: "Qoningiz o‘z boshingizga, men aybdor emasman; bundan buyon g‘ayriyahudiylarga boraman". Kiyimlarni qoqish juda ifodali harakat bo‘lib, aloqani uzishni bildirardi. Biroq bu, Pavlusning boshqa shahardagi, masalan, Efesdagi (19:8) ibodatxonaga borishiga to‘sqinlik qilmadi.

Havoriyning so‘zlari har bir masihiyga odamlarni qutqarish mas’uliyati yuklanganini eslatadi. Masihiy har bir insonga qarzdordir. Agar u Injilni targ‘ib qilish bilan bu qarzni uzmas ekan, Xudo undan odamlarning halokati uchun javob talab qiladi. Boshqa tomondan, agar u Masih to‘g‘risida vijdonan guvohlik bersa-yu, qattiq qarshilikka duch kelsa, u javobgarlikdan ozod etiladi va ayb Isoni rad etgan kishining bo‘yniga tushadi.

Bu oyatda xushxabarning yo‘nalishi Isroil xalqidan majusiylarga o‘zgargani aks etgan. Havoriylar kitobida yozilishicha, Xudo avval Xushxabar yahudiylar orasida tarqalishini istagan edi, ammo Isroil xalqi uni rad etgach, Xudoning Ruhi qayg‘u bilan bu xalqdan yuz o‘girdi.

18:7−8 Yahudiylar bilan qattiq tortishuvdan so‘ng, havoriy ibodatxona yonida yashovchi, yahudiylikka kirgan Yustning uyiga yo‘l oldi. Bu yerda u o‘z xizmatini davom ettirdi va ibodatxona boshlig‘i Krisp butun xonadoni bilan Rabbimizga imon keltirgani unga quvonch baxsh etdi. Boshqa ko‘plab korinfliklar ham Najotkorga ishonib, suvga cho‘mdilar. Pavlus Krisp va yana bir nechta odamni cho‘qintirgan (1Kor 1:14-16), lekin odatda u cho‘qintirish marosimini boshqa masihiylarga topshirardi. Pavlus odamlar Rabbimiz Isoga to‘liq sadoqat ko‘rsatish o‘rniga, o‘zining atrofida to‘planib qolishidan xavotirlanardi.

18:9−10 Parvardigor marhamat ko‘rsatib, Pavlusga dalda berdi va tundagi vahiyda unga qo‘rqadigan hech narsa yo‘qligini aytdi. Havoriy va’z qilishni davom ettirishi va Xudo u bilan ekani hamda uni himoya qilishiga ishonchi komil bo‘lishi kerak edi. Bu shaharda Parvardigorning ko‘plab odamlari bor edi, ya’ni U ularning hayotida O‘z ishini bajarayotgan edi va oxir-oqibat ular najot topishadi.

18:11 Pavlus Korinfda yana bir yarim yil qolib, korinfliklarga Xudoning Kalomini o‘rgatdi. Bu davrga oid qimmatli qo‘shimcha ma’lumotlar Korinfliklarga yozilgan birinchi va ikkinchi maktublarda keltirilgan.

18:12−16 Taxminan milodiy 51-yilda, Pavlusning Korinfda bo‘lishining oxirlariga yaqin, Gallion Axayaning prokonsuli etib tayinlangan. Yangi prokonsul ularning tomonini oladi deb o‘ylagan yahudiylar Pavlusni Korinf shahridagi bozor maydonida joylashgan sud mahkamasiga olib kelishdi. Ayblov shundan iborat ediki, Pavlus ularni Xudoni yahudiy qonunlariga zid ravishda hurmat qilishga undayotgan edi. Hatto havoriyga so‘z berishga ham imkon bermay, Gallion nafrat bilan sud ishini to‘xtatdi. U yahudiylarga bu ish faqat ularning qonuniga taalluqli ekanini va o‘z yurisdiksiyasiga kirmasligini aytdi. Agar qandaydir jinoyat yoki yovuz niyat bo‘lganida, Gallion yahudiylarni sabr-toqat bilan tinglashga asos topgan bo‘lardi, ammo aslida bahs faqat ta’limot, ismlar va yahudiy qonuni haqida borardi. Prokonsulning bu ishda hakam bo‘lishga mutlaqo xohishi yo‘q edi, shuning uchun ishni to‘xtatdi.

18:17 Ba’zilarning fikricha, yunonlar Sosfenni shunday arzimas ayblov bilan Pavlusni Gallion huzuriga olib kelgani uchun jazolashgan. "Gallion bunga mutlaqo e’tibor bermadi" degan so‘zlar, uni Xushxabar qiziqtirmasdi degani emas, garchi ehtimol shunday bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, u yahudiy qonunlari va urf-odatlariga aralashishni istamagan.

18:18 Bu voqealardan so‘ng Pavlus Korinfda yana bir necha kun turdi.

Ehtimol, aynan shu paytda u salonikaliklarga ikkinchi maktubini yozgan.

Nihoyat, u Akila va Priskilla bilan Korinfdan xayrlashgach, ular dengiz orqali Suriyaga yo‘l olishdi, chamasi, Antioxiyaga qaytish niyatida edilar. Sharhlovchilar Pavlus yoki Akila Korinfning sharqiy bandargohi bo‘lmish Kenxreyada sochini olgani borasida yakdil fikrga kelishmagan. (Sochni qirqish ma’nosini bildiruvchi sifatdosh yunoncha asliyatda "Akila" ismidan keyinoq keladi va "Pavel" ismidan ancha uzoqda turadi.)

Ba’zilarning fikricha, bunday va’da berish usuli sof yahudiylarga xos bo‘lib, Pavlus kabi ruhan yetuk kishiga to‘g‘ri kelmasdi. Lekin bu masalani uzil-kesil hal qilish qiyin bo‘lsa kerak.

18:19−20 Kema Efes qirg‘og‘iga yetib kelganda, Priskilla va Akila u yerda qolish niyatida kemadan tushishdi. Pavlus bu qisqa vaqtdan foydalanib, yahudiylar bilan suhbatlashish uchun ibodatxonaga bordi. Ajablanarlisi, ular Pavlusning uzoqroq qolishini xohlashardi, ammo Pavlus buni qila olmasdi.

18:21 Kema jo‘nab ketayotgan edi. Ammo Pavlus, Xudo xohlasa, yaqinlashib kelayotgan bayramni Quddusda nishonlab, Efesga qaytishga va’da berdi.

18:22 Kemaning keyingi to‘xtash joyi Qaysariyada bo‘ldi. Havoriy u yerdan Quddusga kelib, u yerdagi imonlilar jamoati bilan salomlashdi-da, so‘ng Antioxiyaga jo‘nadi. Antioxiyaga bu tashrifi uning so‘nggisi bo‘lishi kerak edi.

Shunday qilib, Pavlusning ikkinchi missiyonerlik safari tugadi.

F. Pavlusning uchinchi missiyonerlik safari: Kichik Osiyo va Yunoniston (18:23 - 21:26)

18:23 Antioxiyada ancha vaqt o‘tkazganidan so‘ng, Pavel yana uzoq safarga chiqishga tayyor edi. Ushbu missiyonerlik safari bayoni Havoriylar kitobida 18:23 dan 21:26 gacha keltirilgan.

Pavlus dastlab Galatiya va Frigiyani ziyorat qildi. Havoriy mahalliy jamoatlarni birma-bir aylanib chiqib, barcha shogirdlarni imonda mustahkamladi.

18:24−26 Hikoya bizni yana Efesga olib boradi, u yerda biz Akila va Priskillani qoldirgan edik. U yerga Apollos ismli notiq va’zchi, Muqaddas Bitiklarda mohir odam keldi. U asli yahudiy bo‘lib, Misr shimolida joylashgan Iskandariya shahridan edi. Garchi uning va’zi kuchli va o‘zi g‘ayratli bo‘lsa-da, masihiylik haqidagi bilimi yetarli emasligini sezish mumkin edi. Chamasi, u Yahyo payg‘ambarning xizmati va uning Isroil xalqini tavba qilishga hamda Masihning kelishiga tayyorlanishga chaqirgani haqida yaxshi bilardi. U go‘yo masihiylarcha suvga cho‘mdirilish yoki masihiylik ta’limotining boshqa jihatlarini bilmagandek ko‘rinardi. Akila va Priskilla uning ibodatxonada so‘zlayotganini eshitib, uning ta’limga muhtojligini tushunishdi va uni mehribonlik bilan qabul qilib, Rabbimizning yo‘lini aniqroq tushuntirishdi. Bu notiq va’zchining chodir yasovchi usta va uning xotinidan ta’lim olishga tayyorligi uni ulug‘vor qilardi.

18:27−28 Apollosning qalbi ta’lim olishga ochiq edi va shuning uchun Efesdagi birodarlar uni Korinfga borib, u yerda va’z aytish niyatini qo‘llab-quvvatladilar. Hatto unga tavsiya xati ham yozib berishdi. Natijada, Apollos Korinfdagi masihiylarga juda foydali bo‘ldi, chunki u ommaning oldida yahudiylarning da’volarini kuchli dalillar bilan rad etib, Iso haqiqatan ham Xudoning Masihi ekanligini isbotladi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Shundan keyin Pavlus Afinadan ketib, Korinfga yo‘l oldi.
2 U yerda Pavlus Akil degan bir yahudiy bilan tanishdi. Akil Pontusda tug‘ilgan bo‘lib, xotini Priskilla bilan Italiyadan yaqinda kelgan ekan. Chunki Qaysar Klavdiy, hamma yahudiylar Rimdan chiqib ketsin, deb farmon bergan edi. Pavlus ularni ko‘rgani bordi.
3 Ular hamkasb — chodir tikuvchilik bilan shug‘ullanganlari uchun, Pavlus ularnikida qolib, ishladi.
4 Har Shabbat kuni u sinagogada munozara o‘tkazib, yahudiylar va yunonlarni ishontirishga harakat qildi.
5 Sila bilan Timo‘tiy Makedoniyadan kelganlaridan keyin, Pavlus butun vaqtini Iso haqidagi xabarni va’z qilishga bag‘ishladi. U yahudiylarga Isoning Masih ekani to‘g‘risida guvohlik berardi.
6 Yahudiylar esa Pavlusga qarshi chiqib, uni haqorat qildilar. Pavlus ulardan norozi bo‘lib, kiyimlaridan changni qoqdi–da: “Qoningiz o‘z gardaningizda qolsin, menda ayb yo‘q, hozirdan boshlab g‘ayriyahudiylar orasiga ketganim bo‘lsin”, dedi ularga.
7 Shunday qilib, Pavlus sinagogani tark etib, Titas Yustus degan bir odamning uyiga bordi. Titas Yustus ham xudojo‘y odam bo‘lib, uning uyi sinagoganing yonginasida edi.
8 Sinagoganing qavmboshisi Krisp butun xonadoni bilan RabbimizIsoga imon keltirdi. Pavlusdan Xushxabar eshitgan Korinfliklarning ko‘pchiligi ishonib, suvga cho‘mdirildilar.
9 Bir kuni tunda Rabbimiz Iso vahiyda Pavlusga zohir bo‘lib, dedi: “Qo‘rqma! Gapiraver, sukut saqlama!
10 Men sen bilan birgaman. Bu shahardagi ko‘pchilik Mening odamlarim bo‘lgani uchun, hech kim senga zarar yetkaza olmaydi.”
11 Shunday qilib, Pavlus bu shaharda bir yilu olti oy turib, xalqqa Xudoning kalomidan ta’lim berdi.
12 Kalliya Axaya viloyatiga hokimlik qilgan paytlarda, yahudiylar birgalashib Pavlusga qarshi chiqdilar va uni sudrab, mahkamaga olib keldilar.
13 Ular shunday dedilar: — Mana bu odam qonunga qarshi yo‘llar bilan Xudoga sajda qilishga xalqni da’vat qilyapti.
14 Pavlus endi gapirmoqchi bo‘lib turgan edi, Kalliya yahudiylarga shunday dedi: — Ey yahudiylar! Agar da’voingiz yomon qilmish yoki og‘ir jinoyat masalasida bo‘lganda edi, shikoyatlaringizni qabul qilishga sabab topgan bo‘lardim.
15 Ammo bu da’volaringiz ayrim so‘zlar, ismlar va o‘z qonuningiz borasida ekan, bularni o‘zlaringiz ko‘rib chiqaveringlar. Men bu masalalarning hakami bo‘lmayman.
16 Kalliya yahudiylarni mahkamadan haydab chiqardi.
17 Shunda olomon sinagoga qavmboshisi Sostenni tutib oldi–da, mahkamaning oldida uni kaltakladi. Ammo Kalliya bularning birontasiga e’tibor bermadi.
18 Pavlus Korinfda imonlilar bilan uzoq vaqt turdi. So‘ng ular bilan xayrlashib, kemada Suriyaga suzib ketdi. Akil bilan Priskilla ham u bilan birga ketdilar. Pavlus Xudoga ont ichgani uchun Kenxreyadan suzib ketishdan oldin sochini oldirdi.
19 Ular Efesga yetib keldilar. Pavlus sinagogaga borib, yahudiylar bilan munozara o‘tkazdi.
20 Odamlar Pavlusdan, biz bilan uzoqroq qoling, deb iltimos qildilar. Ammo Pavlus rozi bo‘lmadi.
21 Ketishidan oldin esa ularga: “Xudo xohish bildirsa, sizlarning oldingizga qaytib kelaman”, dedi. Shundan keyin Akil bilan Priskillani Efesda qoldirib, o‘zi kemada suzib ketdi.
22 Pavlus Qaysariyaga yetib kelgandan keyin, Quddusga bordi va imonlilar jamoati bilan ko‘rishdi. Shundan so‘ng Antioxiyaga ketdi.
23 U yerda ma’lum vaqt bo‘lgach, yana yo‘lga chiqdi va Galatiya, Frigiya o‘lkalarini kezib, barcha imonlilarga dalda berdi.
24 Shu paytda Apollos degan bir yahudiy Efesga keldi. U asli Iskandariyadan edi. U gapga chechan odam bo‘lib, Muqaddas Bitiklarni juda yaxshi bilardi.
25 U Rabbimiz Isoning yo‘lida ta’lim olgan bo‘lib, otashin ruh bilan gapirardi. Garchi faqat Yahyoning suvga cho‘mdirish to‘g‘risidagi ta’limotini bilgan bo‘lsa–da, Iso haqida to‘g‘ri ta’lim berardi.
26 Apollos sinagogada jasorat bilan gapira boshladi. Priskilla bilan Akil Apollosning va’zini eshitganlaridan keyin, uni uyiga taklif qilib, Xudoning yo‘lini yanada aniqroq tushuntirib berdilar.
27 Apollos Axayaga borishga qaror qildi. Efesdagi imonlilar Axayadagi shogirdlarga, Apollosni yaxshi qabul qilsangizlar, deb maktub yozdilar. Apollos Axayaga kelgach, Xudoning inoyati bilan imonga kelganlarga katta yordam berdi.
28 Apollos, Muqaddas Bitiklar asosida Isoning Masih ekanini isbot etib, qat’iyat bilan yahudiylarning nohaqligini ochiqchasiga fosh qilardi.
  • Kirish
  • More pages
  • 17
  • 18
  • 19
  • More pages
  • 28